“Parvina” kompaniyasi ishi bo‘yicha sudlangan sobiq soliqchi oqlandi
Samarqandda yuz bergan bu ish bundan 12 yil avval rosa shov-shuvga sabab bo‘lgandi. O‘shanda “Parvina” kompaniyasi bilan bog‘liq turli ayblar bilan Samarqand shahri va tumanining bir nechta soliq idorasi xodimlari ham ozodlikdan mahrum qilingandi.
Xususan, Samarqand tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimi Murod Rustamov va Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimi O‘lmas Ashurovlarga jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2008 yil 25 dekabrdagi hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
- Davlatimiz rahbariga rahmat, - deydi Murod Rustamov. – Agar shu kishi siyosiy iroda ko‘rsatmaganlarida biz bir umr jinoyatchi degan tavqi la’nat bilan yashashga majbur bo‘lardik.
Aynan shu kishining odilona siyosati bilan biz kabi nohaq aylanib, qamoqqa olinganlarga birmuncha yengilliklar berildi. Buning natijasida o‘zim uchun qo‘yilgan aybning noto‘g‘ri ekanligini isbotlashga muvaffaq bo‘ldim. Vaholanki, o‘sha – biz sudlangan davrda buning sira iloji yo‘q edi. Bizga turli ko‘rsatma va taxminlarga asosan jinoiy javobgarlik belgilangandi.
Belgilangan tartib asosida jinoiy jazo muddatining o‘talmay qolgan qismi axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilgach, M.Rustamov oilasi bag‘riga qaytdi. Jamiyat hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar, xususan, sud-huquq tizimidagi islohotlar unda ham umid uyg‘otdi.
Uning ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi. Sud ishida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari M.Rustamov “Parvina” kompaniyasida o‘tkazgan tekshiruvlari o‘sha paytda amalda bo‘lgan qonunchilikka asosan to‘g‘ri o‘tkazganligi haqida xulosa berdi.
Ishni atroflicha ko‘rib chiqqan sud jinoiy hodisa yuz bermagan, deb topdi va M.Rustamov oqlandi.
- Bugun soliq tizimida avvalgi lavozimimga teng ishga tiklanib, yana qadrdon jamoamga qaytganimdan xursandman, - deydi M.Rustamov. – Ruhiy azob, xo‘rlangan kunlarim ortda qoldi.
Zohir HASANZODA,
jurnalist.