Past Darg‘om iqtisodiy sudi tugatiladimi yoki uning xizmat ko‘rsatish ko‘lami kengayadimi?

Prezidentimining “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2020 yil 24 iyulda qabul qilingan farmoni sohadagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Ya’ni, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlarning huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish uchun tizimni yanada isloh qilish davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Farmonga muvofiq, amalga oshirilayotgan eng muhim o‘zgarishlardan biri 2021 yil 1 yanvardan viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlar negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etilishi.

O‘z navbatida viloyat fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha hamda iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvi saqlab qolinadi.

Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkaziladi. Ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarini tashkil etilishi munosabati bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlari tugatiladi.

Ta’kidlash lozimki, kiritilayotgan bu o‘zgartishlar xalqaro standartlar va rivojlangan demokratik davlatlarning ilg‘or tajribasiga to‘liq mos keladi.

Shuningdek, farmonda Amudaryo, Boysun, Nurobod va Past Darg‘om tumanlari iqtisodiy sudlarini tugatish nazarda tutilgan.

Qayd etilgan iqtisodiy sudlarning ish hajmlari, tumandagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar soni va barcha ahamiyatli holatlar to‘liq tahlil qilinib, asosli to‘xtamga kelingan. Negaki, joriy yilning olti oyida Nurobod tuman iqtisodiy sudida 55 ta ish ko‘rib chiqilgan. Ish hajmi oyiga o‘rtacha 9 tani tashkil qiladi, shu sababli, Nurobod va Past Darg‘om tumanlari uchun xizmat qiluvchi yagona Past Darg‘om tumanlararo iqtisodiy sudining tashkil etilishi tadbirkorlik sub’yektlari uchun noqulaylik tug‘dirmaydi.

Farmonda yana muhim yangilik sifatida, Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sudlov tarkibini tuzilganligi investorlar va tadbirkorlik sub’yektlari uchun muhim yangilik bo‘ldi.

Ya’ni, sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada yigirma million AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar va davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish vakolati berildi. Investitsiyaviy nizolar bo‘yicha yirik investorlarning, raqobatga oid ishlar bo‘yicha taraflarning xohishiga ko‘ra, ushbu toifadagi ishlar bevosita Sudlov tarkibi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko‘rilishi, qolgan investitsiyaviy nizolar investorlarning xohishiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko‘rilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.

Bu esa chet ellik investorlarning mamlakatimizdagi sud tizimining adolatli va shaffof ekanligi, investitsiya va investorlarning huquqlari qonun bilan himoya qilinishi, investitsiya bilan bog‘liq nizoli holatlar yuzaga kelganda mazkur nizolar Respublikaning Oliy sud sudlov tarkibi tomonidan ko‘rib chiqilishi chet ellik investorlarning huquqlari odil sudlovning himoyasida ekanligini yana bir bor isbotlaydi.

Mamlakatimizda sud-huquq sohasida maqsadli va bosqichma-bosqich o‘tkazilayotgan islohotlar, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqiy himoya tizimini mustahkamlash hamda tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish natijasida yaratilgan shart-sharoitlar bozor munosabatlari rivojlangan mamlakatlar darajasida deb aytish mumkin.

O.ASATOV,

Samarqand viloyat iqtisodiy sudi

raisi vazifasini bajaruvchi.