Past Darg‘om tumanida odamlarni rozi qilish uchun nima ishlar amalga oshirildi?

Bu haqda tuman hokimi Sh.Xudoyberdiyev kecha bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari tuman Kengashida hisobot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilda Go‘zalkent massivida qurilgan 2 ta ko‘p qavatli, 48 ta xondonli arzon uy-joylar noyabr oy kuni bilan foydalanishga topshiriladi. Paxtakor mahallasida og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar, farzandlari mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan chin yetimlar uchun hashar yo‘li bilan 2 sotixli, 3 xonali 44 ta uy-joy qurilgan.

Kelgusi yilda Go‘zalkent mahallasidagi bo‘sh turgan 2 qavatli bino uy-joy uchun moslashtirilib, 10 ta oilaga beriladi.

Tumandagi 1257,2 kilometr ichki yo‘llarning 490 kilometri yoki 40-50 foizi ta’mirtalab. Joriy yilda 4 ta ko‘prik va 17 kilometr ichki yo‘l, shuningdek, davlat ahamiyatidagi 7 kilometr yo‘l joriy ta’mirlangan.

Bundan tashqari, 35 kilometr qishloqlardagi tuproq yo‘llariga tosh to‘kilgan. Bu ko‘rsatkich yil yakuniga qadar 50 kilometrga yetkaziladi.

Tumandagi 65 ta tarsformator punktlaridan (jami 1155 ta TP) 60 tasi ta’mirlangan. Shuningdek, 20 ta qo‘shimcha transformator punkti va 500 ta temirbeton ustunlari o‘rnatilib, 40 kilometr yangi elektr uzatish tarmoqlari tortilgan.

Mavjud 65 ming 396 ta xonadonlar suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadigan 40 ming 457 tasiga joriy yilda 1015 dona qo‘shimcha maishiy gaz ballonlari yetkazib berilgan. Yil yakunigacha 1516 ta maishiy gaz ballonlari keltiriladi.

Ta’kidlanishicha, tumandagi 47 ming 739 ta yoki 73 foiz xonadon markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Ayni paytda Zangiboyi, Bog‘ishamol va Tosqulton mahallalarida yangi suv inshooti qurish ishlari olib borilmoqda. Yaqin kunlarda tugatiladigan qurilishlar 650 ta xonadonni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini beradi.

Bundan tashqari, ichimlik suvi yo‘q 47 ta mahallalarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 2021-2023 yillar davlat manzilli ro‘yxatiga taklif berilgan.

Charxin qo‘rg‘onida joylashgan 4 ta ko‘p qavatli uylarni oqova xizmati bilan ta’minlash uchun Jahon banki mablag‘lari hisobidan 250 diametrda 1,436 kilometr ikkita tarmoq tortish hamda oqova suvlarini chiqaradigan nasos stansiyasini qurish ishlari olib borilmoqda.

Xalqaro moliya institutlari ishtirokida Juma shaharchasida 1 ta oqova suvlarini tozalash inshooti qurish va 22,5 kilometr oqova tarmog‘i tortish hamda Charxin shaharchasida 1 ta oqova suvlarini tozalash inshooti qurish va 14 kilometr oqova tarmog‘i tortish bo‘yicha qiymati 27,1 million dollarlik loyiha takliflari ishlab chiqilgan.

Loyiha taklifi ko‘rib chiqish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo, Moliya va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga kiritilgan.

2019 yilda Samarqand va Juma shaharchasi oralig‘idagi 26 kilometr masofaga 784 ta, joriy yilda Bo‘ston mahallasidagi Amir Temur ko‘chasiga va Milliy bank Juma filiali binosi oldidan tuman markaziy shifoxonasigacha bo‘lgan masofaga tungi yoritgichli ustunlari o‘rnatilgan.

Yil yakunigacha yana 200 dan ortiq tungi yoritgichli ustunlar o‘rnatiladi.