Past Darg‘omda qurilishlar davom etmoqda
O‘tgan yil Past Darg‘om tumanining ikki massivida har biri 24 xonadondan iborat 7 ta ko‘p qavatli uy qurildi. Ulardan 4 tasi Go‘zalkent, 3 tasi esa Eski Juma massivida uy-joyga ehtiyojmand oilalari uchun imtiyozli kredit asosida berildi. Shuningdek, Oltiqahramon mahallasida 32 ta ikki sotixli uy-joy qurilib, o‘z egalariga topshirildi.
- Ayni kunlarda "Juma quruvchi" MChJ va "Bekmurod baraka zamini" xususiy korxonasi bunyodkorlari tomonidan Go‘zalkent massivida 2 ta ko‘p qavatli uy qurilishi boshlangan, - deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Qurbon Mirzayev. – Karantin bo‘lishiga qaramasdan quruvchilar ishni davom ettirmoqda. Sababi, uy-joyga ehtiyojmand 48 oila boshpanaga ega bo‘lishni intiqlik bilan kutmoqda.
Bugungi kunda tumanimizda 1 ta maktab va sport zal, “Xonchorbog‘” qishloq vrachlik punktining yangi binosi qurilishi davom etmoqda. Quruvchilar shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga amal qilgan holda ish olib bormoqda.
Tumanda joriy yilda Investitsiya dasturi asosida 15,19 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 7 ta ijtimoiy soha ob’yektlari qurilishi rejalashtirilgan.