Paxta-2020: Paxtachida shartnoma rejasini 10 foizga orttirib bajargan fermerlarga 10 million so‘mdan naqd pul berilmoqda

Paxtachi tumani paxtakorlari joriy yilda 8195 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, 25 ming tonnadan ortiq paxta terib oldi. Tumanda ko‘p yildan buyon hosildorlik bu yilgichalik bo‘lmagandi. Xo‘sh, joriy yilda nimaning hisobiga bu qadar yuqori hosildorlik kuzatildi?

- Bu, avvalo, yangi tizim, yangicha yondashuv bilan bog‘liq, - deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i G‘olib Absamov. – Ya’ni, klaster tizimi o‘zining samarasini yaqqol ko‘rsatdi. Yangi tizim va yangi korxonada o‘g‘it, agrotexnik tadbirlarni kerakli vaqtida o‘tkazish, ishlov muddatlariga to‘la rioya qilinishi va albatta mehnatga haq to‘lash, yuqori manfaatdorlik ushbu muvaffaqiyat omili bo‘ldi.

- Paxtachilik sohasida klaster tizimi avvalgisidan qanchalik afzal?  

- Bu tizimda yetishtirilayotgan mahsulotning egasi aniq. Shunday bo‘lgach, fermer ham, xaridor ham manfaatni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Chunki qancha samarali mehnat qilsa ertaga daromadi mehnatiga yarasha bo‘lishini yaxshi biladi. Qolaversa, mehnatga va mahsulotga haq to‘lashda ham klaster tizimi har tomonlama qulay. Shu bois, tumanimizda ikkita klaster korxonasi tashkil etilib, ularga fermer xo‘jaliklari biriktirib berildi. Misol uchun, “Paxtachi klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 548 gektar yer maydoni ajratildi va 217 ta fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 6460 gektar maydon biriktirildi. Davlat ta’minotidan ko‘ra klaster korxonasida g‘o‘zani o‘g‘itlash, ishlov berish, barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida o‘tkazish imkoniyati yaratildi. Terim ishlari to‘g‘ri tashkil etilgani tufayli tumanimiz paxtakorlari 28 ish kunida shartnomada belgilangan hosilni yig‘ib-terib oldi. Hosildorlik gektariga 40-41 sentnergacha oshdi.

- Bu tizimda fermer xo‘jaliklarining manfaatdorligi qanday?

- Xo‘jaliklar yetishtirgan xomashyo uchun belgilangan mablag‘ni oladi, rejani ortig‘i bilan bajargan xo‘jaliklarga klaster korxonasi tomonidan oldindan 5 million so‘mdan avans mablag‘i berilyapti. Shuningdek, fermer xo‘jaliklariga shartnoma rejasini 5 foiz orttirib bajarganda 5 million so‘mdan, reja 110 foizga yetkazilganda 10 million so‘mdan naqd pul mablag‘i beriladi. Qolaversa, shartnoma rejasini bajargan xo‘jaliklarga tuman hokimligi va klaster korxonasi tomonidan qimatbaho sovg‘alar berilmoqda. 

Darvoqe, erishgan natijamiz viloyat hokimi tomonidan e’tirof etildi. Bu esa g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shdi. Ikkinchi terimdan har kilogramm paxta xomashyosi uchun 1400 so‘mdan haq to‘lanmoqda va fermer xo‘jaliklari ham terilgan 50 kilogramm paxta uchun 1 litrdan yog‘ qo‘shib bermoqda. Dalalarimizda hali hosil mo‘l. Shu bois yana 2-2,5 ming tonna “oq oltin” yig‘ib-terib olamiz.

O‘ktam Xudoyberdiyev.