Paxtachining ilg‘or g‘allakorlari viloyatda birinchi
Samarqandda odatda, g‘alla o‘rim-yig‘imi Paxtachi tumanidan boshlanadi. Bu yil ham tuman g‘allakorlari mavsumni viloyatda birinchilar qatorida boshlab, don xirmoni uyishga kirishdi. Bu yil tumanda 207 fermer xo‘jaligi 6254 gektar maydonda boshoqli don parvarishladi. Hozirgacha “Qumloq yer saxovati”, “Asadbek baraka fayz” fermer xo‘jaliklari gektaridan 75 sentnerdan hosil olib, viloyatda birinchilardan bo‘lib, davlatga g‘alla sotish shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardi.
- Tasarrufimizda 104 gektar yer maydoni mavjud, - deydi “Qumloq yer saxovati” fermer xo‘jaligi raisi Ikrom Otamurodov. – Shundan 40 gektarida g‘alla ekkan edik. Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarib, bugungi kunda gektaridan 75 sentnerdan hosil olyapmiz. 140 tonna shartnoma rejasini 20 tonna ortig‘i bilan bajardik.
Tumanda g‘alla o‘rim-yig‘imi uchun 23 ta otryad tashkil qilingan bo‘lib, yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishga kirishilgan. Shu paytga qadar paxtachilik fermerlar tomonidan 1300 tonnadan ziyod don yig‘ishtirib olindi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.