Payariq tumani hokimligining fuqaro tomonidan noqonuniy egallab olingan yer maydonini fermer xo‘jaligi hisobiga qaytarish to‘g‘risidagi da’vosi rad etildi

Payariq tumanidagi Mirzo Ulug‘bek mahallasi hududidagi noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring natijasida javobgar Sh.Ruziqulova tomonidan “Berdiyev Inomjon Zamini” fermer xo‘jaligining foydalanishida bo‘lgan qishloq xo‘jalik xaritasining 55-konturidagi sug‘oriladigan yer maydonidan o‘zboshimchalik bilan tegishli tartibda ajratilmagan yer maydonidan uy-joy qurib, umumiy 0,06 gektar yer maydonini egallab olganligi aniqlangan.

Shunga ko‘ra, da’vogar Payariq tumani hokimligi javobgar Sh.Ruziqulovaga nisbatan sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, noqonuniy egallangan yer maydonida qurilgan qurilishlarni buzdirish hamda 0,06 gektar yer maydonini fermer xo‘jaligi hisobiga qaytarishni so‘ragan.

Sud ish holatlari va qonun talablaridan kelib chiqqan holda da’vogar noqonuniy qurilishni buzib yer maydonini fermer xo‘jaligiga qaytarishni so‘rayotgan bo‘lsa-da, tuman hokimining qaroriga asosan nizoli yer maydoni va qurilishlarga nisbatan javobgarning mulk huquqi belgilanganligini, mazkur holatda da’vo talabi asossiz ekanligini inobatga olib, da’voni rad etishni lozim topdi.

Aniqlanishicha, tuman hokimligi, arxitektura va qurilish bo‘limi, yer resurslari va kadastr bo‘limi xodimlari tomonidan Mirzo Ulug‘bek mahallasi hududida joylashgan “Berdiyev Inomjon Zamini” fermer xo‘jaligining yer maydonlarini o‘rganish jarayonida 55-konturdagi sug‘oriladigan 0,06 gektar yer maydoni Sh.Ruziqulova tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, uy-joy qurilganligi haqida dalolatnoma tuzilgan.

Biroq Payariq tumani hokimining 2019 yil 27 apreldagi qarori bilan Mirzo Ulug‘bek mahallasida joylashgan 555,96 m2 yer maydonidagi uy-joylarga nisbatan Sh.Ruziqulovaning meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 164-moddasiga ko‘ra, mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek, o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Protsessual kodeksining 72-moddasiga ko‘ra, har bir taraf o‘zining talablari va e’tirozlariga asos qilib ko‘rsatgan holatlarni isbotlashi shart.

B.XUDAYBERGANOV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudi sudyasi.