Payariqda nega sanoat rivojlanmagan?

Bu savolga javob bergan tuman hokimi Dilshod Musinov hududda o‘zi rahbarligida amalga oshirilgan ijobiy ishlar to‘g‘risida gapirib berdi. U shuningdek, qaysi holatda deputat hokimdan kam bo‘lmasligini ham aytdi.

- Dilshod Sultonovich, mahalliy Kengashlar faoliyatini jonlantirish, xalq noiblarini jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini oshirish uchun viloyat Kengashida kotibiyat tashkil qilindi. Payariq tumanida bu borada o‘ziga xos amaliyot bormi?

- Vakillik organi bo‘lgan Kengashning tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivojidagi ahamiyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun avvalo, tuman hokimligi binosidan alohida deputatlar xonasi tashkil qilindi. Kengash rais o‘rinbosarining ish kabineti bo‘lgan bu xonada anjomlar bilan jihozlanib, qonunchilik hujjatlari matnlari bilan ta’minlandi.

Sessiyalar oralig‘ida o‘tkaziladigan doimiy komissiya yig‘ilishlari aynan deputatlar xonasida tashkil qilinmoqda.

Bundan tashqari, qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan arzon uy-joylar uchun ariza beruvchilar orasidan haqiqatdan muhtojlarni aniqlashda deputatlarga ishonch bildirildi. Bunda har bir tuman Kengashi deputati saylov okrugi bo‘yicha talabgorlarni o‘rganib, haqiqatdan ehtiyojmad oilalarni aniqlab berdi. Shu tariqa 67 nafar fuqaroning ro‘yxati shakllantirildi.

- Parlament tavsiyasi asosida xalq deputatlari tuman Kengashlarida rais o‘rinbosari (jamoatchilik asosida) lavozimi noto‘g‘ri tashkil qilindimi yoki bu vazifa yuklangan shaxslarga yetarlicha vakolat va imkoniyat berilmayaptimi? Bu haqda Payariq tumani hokimi - xalq deputatlari tuman Kengashi raisining fikri qanday?

- Menimcha, har bir lavozim yoki vazifa nomzod to‘g‘ri tanlanganda o‘zini oqlaydi. Misol uchun, xalq deputatlari tuman Kengashida rais o‘rinbosari vazifasidagi shaxsning sustkashligi tufayli sessiyada bu vazifaga boshqa deputat saylandi.

Rost, shundan so‘ng xalq noiblari faollashgani sezildi. Negaki, aynan Kengash raisi o‘rinbosarining tashabbusi bilan ijtimoiy tarmoqlarda deputatlarning chiqishlari tashkil qilinayapti. Muayyan hududdagi deputatning saylovchilar bilan uchrashuvlarida sektor rahbarlari, tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtiroki ta’minlanayapti. Bu amaliyotlar joylarda ko‘pgina muammolarni hal bo‘lishiga imkon yaratyapti.

- Hokimlik tizimi ayniqsa, tashkiliy-nazorat guruhida katta tajribaga ega rahbar sifatida mahalliy Kengashlarni jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish uchun yana nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

- Mahalliy Kengashlarning jamiyat hayotida o‘rni va nufuzini oshirish uchun mahalliy Kengash deputatlarining avvalo, bilim va saviyasini oshirish kerak.

Menimcha, deputat imkon qadar rivojlangan demokratik davlatlar tajribasini o‘rganishi, chiqayotgan har bir farmon, qonun, qarorlarni chuqur tushunib, tahlil qila olishi kerak.

Umuman, saylovchilarining manfaatlariga mos faoliyat yuritib, muammolarini hal qila olsa va ularning ishonchini oqlasa bu deputatning obro‘si tuman rahbarining hurmat-e’tiboridan kam bo‘lmaydi.

- Payariq tumanida viloyatning boshqa hududlariga nisbatan sanoat ancha orqada qolgan? Nima uchun shunday bo‘layapti, deb o‘ylaysiz? Sohani rivojlantirish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

- Payariq tumanida katta-katta zavod va fabrikalar yo‘qligi, ishlab chiqarish sohasining sekin rivojlanayotganligining sababi hudud viloyat markazidan chetda joylashganligi hamda magistral yo‘llarning o‘tmaganligidadir. Lekin shunga qaramay, bugungi kunda tumanni iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha chet davlatlar bilan keng qamrovli hamkorlik qilish yo‘llarini izlayapmiz. Bu borada zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Xususan, hududiy investitsiya dasturiga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar umumiy qiymati 489,1 milliard so‘m bo‘lgan 42 ta, shundan 7 ta yirik loyihalar foydalanishga topshiriladi. Muhimi, buning natijasida mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Misol uchun, “SAG” qo‘shma korxonasi tomonidan qiymati 10 million dollarlik 250 o‘rinli mehmonxona, "SFX GREAT BULDINGS CITY" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 5,03 million dollarlik gazablok ishlab chiqarish kabi yirik loyihalar ishga tushiriladi. Rejaga ko‘ra, bu loyihalar boshqa tashabbuslar uchun ham yo‘l ochadi. Aholiga yangi qulayliklar yaratadi.

- Bu endi bor-yo‘g‘i, rejalar. Aniq ishlar to‘risida nima deya olasiz?

- 2019 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi natijasida ikkita yirik ishlab chiqarish korxonasiga asos solindi. Jumladan, xitoylik investorlar “Dong Liu qurilish materiallari kompaniyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qilib, loyiha qiymati 3 million dollarlik qurilish materiallarini ishlab chiqarish zavodi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

Janubiy Koreya davlati investorlari tomonidan “Organik farm development” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 4,7 million dollarlik zamonaviy issiqxona majmuasi bunyod etilmoqda.

Bular eng yirik, ta’bir joiz bo‘lsa, tuman iqtisodiyotiga sezilarli ijobiy ta’sir o‘tkazadigan loyihalar, albatta.

- Xorijdan faqat investitsiya kiritilayaptimi yoki tumanda ishlab chiqarilayotgan mahsulot va xizmatlarni chet el bozorlariga chiqarishda ham o‘zgarishlar bormi?

- Keling, taqqoslash uchun aniq raqamlarni keltirib o‘tsam. 2018 yil yakuni bilan hududda 6 ta eksportyor korxona faoliyat olib borgan va ular 6,1 million dollarlik mahsulot eksport qilgan. 2019 yil yakuni bilan esportyor korxonalar soni 12 tani tashkil etib, 9,1 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Joriy yilda eksport ko‘rsatkichini 10,4 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bugungi kunda 5,09 million dollarlik mahsulotlar xorijga sotildi, yil yakunigacha yana 6 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.

Qayd etish kerakki, tumanda kichik sanoat zonasi bo‘lsada, foydalanish qoniqarsiz ahvolda edi. Shuning uchun tumanda sanoat loyihalarini joylashtirish uchun Xalqobod mahallasi hududidan 18,6 gektar yer maydonidan kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Ushbu sanoat zonasiga 25 ga yaqin loyihalarni joylashtirish rejalashtirilgan.

O‘ylamanki, bu loyihalar ham kelgusida nafaqat ichki bozorni to‘yintirish balki, tuman eksport salohiyatini oshirishda muhim rol o‘ynaydi.

- Siz rahbarligingizda tumanda amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlarga yana nimalarni misol qilib ayta olasiz?

- Payariq viloyatda hududi jihatdan katta tumanlardan biri. Tumanda keyingi 1 yarim yilda bir qancha ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Xususan, aholini, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha Navoli massividan sug‘orilmaydigan 600 gektar yer maydonida intensiv uzumzor tashkil etildi. Natijada tumandagi 1200 nafar fuqarolar ish bilan ta’minlandi. Hozirda fuqarolar tomonidan uzumzor orasida sabzavot mahsulotlarini yetishtirib, dastlabki daromadlarini olmoqda.

Do‘stlik massivining Ingichka qishlog‘ida ham 1600 gektar lalmi maydon xuddi shunday loyiha asosida amalga oshiriladi. Ayni paytda bu yerda suv qudug‘i qazish ishlari bajarilmoqda. Mazkur loyiha doirasida yana 3200 nafarga yaqin fuqarolar bandligi ta’minlanadi.

Bundan tashqari, yoshlarning murojaatlari, ularning qiziqishlari va ehtiyojlaridan kelib chiqib, viloyatda birinchilardan bo‘lib “Yoshlar markazi” binosi, shu bilan birga, 2 mingga yaqin kitob fondiga ega zamonaviy kutubxona foydalanishga topshirildi. Bu ishlarning davomi sifatida Chelak shahrida ham zamonaviy kutubxona qurilmoqda.

- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Yoqubjon MARQAYeV suhbatlashdi.