Payariqda “Obod qishloq”dagi ob’yektlar qachon bitadi?

“Obod qishloq” dasturining 2019 yilga mo‘ljallangan rejasiga ko‘ra,   Payariq tumanidagi 2360 xonadon istiqomat qiluvchi Turkibola, Birlashuv va Yangihayot qishloqlarida ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash, ichimlik suv tarmog‘i tortish kabi ishlarni bajarish belgilangandi. Biroq Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda tumanning Turkibola qishlog‘idagi 240 o‘rinli 100-sonli maktab qurilishi va 34-bog‘cha rekonstruksiyasi va boshqa belgilangan qurilishlar yakuniga yetmaganligi aniqlandi. 

2019 yil boshida 100-maktab qurilishi uchun “Usta Kamol quruvchi”, 34-bog‘cha rekonstruksiyasi uchun “Shohruh quruvchi dizayn” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tender g‘olibi bo‘lib, qurilish-ta’mirlashni boshlagan bo‘lsa-da, ishlar yakuniga yetkazilmadi. Xo‘sh, sabab nimada?

Payariq tumanida 2019 yil boshida erkin qoldiq mablag‘ miqdori 2,1 milliard so‘mni tashkil etgan. Bu mablag‘ xalq deputatlari Payariq tumani Kengashining 2019 yil 5 fevraldagi qarori bilan ijtimoiy soha ob’yektlari bo‘yicha qarzdorliklar mavjud bo‘lsa-da, “Yoshlar markazi” binosini ta’mirlashda yuzaga kelgan kreditor qarzdorlikni qoplashga 658, tuman davlat soliq inspeksiyasi binosini joriy ta’mirlashga 300, tumandagi ijtimoiy va kommunal soha muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga 940, jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga 211,1 million so‘m yo‘naltirilgan.

 - 240 o‘rinli maktab qurilishi uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 2 milliard 101 million so‘m ajratilishi belgilangandi, - deydi “Usta Kamol quruvchi” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshqaruvchisi Oybek Eshmamatov. – Biz esa boshqa ob’yektlardagi mablag‘ va avtomobillarimizni sotish hisobidan maktab qurilishini 90 foizga yetkazib, 1 milliard 396 million so‘mlik ish bajardik. Natijada, tom yopildi, ob’yektning bir qismiga eshik-romlar o‘rnatildi. Lekin bizga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bor-yo‘g‘i 472 million so‘m o‘tkazildi. Shu bois ishlar to‘xtab qoldi.

Yangi maktab qurilayotgan manzilda ko‘p qavatli va namunaviy loyihadagi uylar qurilgan. Maktab qurilishini o‘rganayotganimizni ko‘rgan aholi farzandlarini uzoqdagi maktabga yuborishdan ko‘ra shu yerdagi maktabni tezroq ishga tushirishda yordam so‘rab murojaat qilishdi.

Shu qishloqdagi 100 o‘rinli 34-maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilish ishlarida ham shunday holat yuz bergan. 2019 yil 1 sentyabrgacha ishga tushirish maqsadida mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 2 milliard 639 million so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.  Ammo “Shohruh quruvchi dizayn” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan muassasada bajarilgan 2 milliard 23 million so‘mlik ta’mirlash ishlari uchun 649,4 million so‘m mablag‘ ajratilgan va qurilish ishlari to‘xtab qolgan.   

Tumandagi Birlashuv qishlog‘ida ham 160 o‘rinli 23-maktabni mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan. Quruvchi korxona tomonidan 1 milliard 171 million so‘mlik ta’mirlash ishlari bajarilgan bo‘lsa-da, unga 556 million so‘m mablag‘ o‘tkazilgan xolos.

- “Obod qishloq” dasturiga asosan tumanimizdagi 100-maktab qurilishi, 23- maktabni mukammal ta’mirlash va 34-maktabgacha ta’lim tashkiloti rekonstruksiyasi uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 5 milliard 554,6 million so‘mlik loyiha smeta hujjatlari tayyorlangandi, - deydi tuman hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Sherzod Mahamatov. – Hozirgacha mazkur ob’yektlarda 4 milliard 454 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Qurilish korxonalariga 1 milliard 720 million so‘m mablag‘ to‘langani holda qarzdorlik 2 milliard 734 million so‘mni tashkil etmoqda. Mazkur qarzdorlikni tumanning mahalliy byudjeti daromad rejasini oshirib bajarilgan qismi hisobidan qoplash rejalashtirilgan.

Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi tomonidan viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni kompleks o‘rganish davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tuzilgan “Yo‘l xaritasi”da Payariq tumanidagi yakuniga yetkazilmagan qurilish ishlarini tugallash bo‘yicha soha mas’ullariga bir qator vazifalar belgilangan. Jumladan, viloyat moliya boshqarmasiga 2020 yil 1 iyulgacha mazkur ob’yektlarda qurilish va ta’mirlash ishlarini yakunlash uchun zarur mablag‘ni ajratish, viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi va Payariq tumani hokimligiga 2020 yil 1 avgustgacha Turkibola mahallasidagi yangi maktab va 34-maktabgacha ta’lim tashkiloti binosida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va qurilish ishlarini yakunlab foydalanishga topshirish, viloyat hokimi o‘rinbosariga 2020 yil 1 avgustgacha rekonstruksiyaga tushgan 8 ta ob’yektda qurilish-ta’mirlash ishlarini jadallashtirish va foydalanishga topshirish vazifasi qo‘yilgandi. Belgilangan muddat ham yaqinlashmoqda. Xo‘sh, mas’ullar tomonidan qanday amaliy ishlar bajarildi?

Afsuski, viloyat hokimi o‘rinbosaridan Senatning «Yo‘l xaritasi»da belgilangan topshiriqlar bo‘yicha qilingan ishlar bo‘yicha rasmiy xatimizga javob ham ololmadik.

Viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi direktori J.Shamsiyevning imzosi bilan taqdim etilgan ma’lumotda qayd etilishicha, viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida 2019 yil 25 aprelda Payariq tumanida “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan Turkibola mahallasidagi 34-maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilish uchun “Shohruh qurilish dizayn” mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan 2383,5 million so‘mlik pudrat shartnomasi tuzilib, ishlar boshlangan. Ob’yektda hozirgacha 1945,3 million so‘mlik ishlar bajarilgan bo‘lsa-da, tuman mahalliy byudjetidan 2019 yil yakunigacha 649,4 million so‘m moliyalashtirilganligi tufayli qurilish ishlari to‘xtab qolgan. Kompaniya tomonidan ob’yektlarni moliyalashtirishni so‘rab tuman hokimligi, viloyat moliya boshqarmasiga rasmiy murojaat qilingan lekin 1734,1 million so‘mlik mablag‘ to‘lanmagan. Ob’yektlarni moliyalashtirish manbaiga aniqlik kiritilgach belgilangan tartibda foydalanishga topshiriladi, deb yakunlangan bizga taqdim etilgan ma’lumot.

Ishning yakuni yana aylanib mablag‘ga borib taqalmoqda. Viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayev imzosi bilan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, Turkibola qishlog‘idagi 34-bog‘chani ta’mirlashdan 1859,2 million so‘m qarzdorlik mavjud. Shahar va tuman mahalliy byudjetlari qo‘shimcha manbalari mahalliy hokimliklar ixtiyorida qoldirilayotganligini inobatga olib, 2019 yil 9 dekabrdagi “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga asosan tumandagi qurilishlardan yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun Payariq tumani hokimligi tomonidan tuman mahalliy byudjetining ichki imkoniyatlari hisobidan mablag‘ ajratish bo‘yicha xalq deputatlari tuman Kengashiga taklif kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi.    

Demak, bu borada viloyat tashkilotlari ham biror amaliy ish o‘rniga xat berish bilan cheklangan. Unda o‘z hisobidan qurilish ishlarini katta qismini bajargan quruvchining holi nima kechadi? Yangi binoda ta’lim-tarbiya olishni istayotgan bolalarning orzusi-chi? Bu kimni tashvishlantiradi?

Afsuski, bunday holni faqat Payariq tumanida emas, viloyatning boshqa tumanlarida ham uchratish mumkin. Nega unda qurilish boshlanmasdan avval, yetarli mablag‘ning manbasi aniqlanmasdan qurilishga tanlov e’lon qilingan, ishlar boshlangan? Axir bu yilga tuzilgan rejalar keyingi yilga o‘tib ketaversa, keyingi yilgi rejalarning ijrosi qanday ta’minlanadi?

Asosiy savol esa hamon javobsiz qolmoqda: Senatning «Yo‘l xaritasi» ijrosi ta’minlanadimi yoki qog‘ozligicha qoladimi?

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.