Payariqda o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylar buziladi(mi?)

Prezidentimizning 2018 yil 20 apreldagi farmoni va shu asosda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 iyundagi qaroriga asosan joylarda uy-joyga ehtiyojmand kishilar tomonidan qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan, qonunga zid bo‘lmagan maydonlarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoylarga nisbatan 2019 yil 1 mayga qadar mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu aksiya doirasida viloyat bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga mulk huquqini berishni so‘rab 50 mingdan ortiq murojaat tushdi. Jumladan, mazkur aksiya doirasida Payariq tumani davlat xizmatlari markaziga mulk huquqini e’tirof etish yuzasidan 3700 dan ortiq murojaat bo‘ldi.

- O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga mulk huquqini so‘rab murojaat qilgan 3600 dan ortiq ariza mutaxassislarimiz tomonidan o‘rganilib, tuman ishchi guruhiga taqdim etildi, - deydi yer-mulk kadastr davlat korxonasi tuman filiali boshlig‘i Mansur Norqulov. – Murojaatlarning 1873 tasi ko‘rib chiqilib, 400 tasiga ijobiy xulosa berildi. Qolganlari o‘rganish jarayonida. Tuman ishchi komissiyasi tomonidan 1477 ta murojaat rad etildi. O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga mulk huquqini berishda boshqa tumanlardan farqli ravishda tuman komissiyasi raisiga to‘plangan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda yer uchastkasining joylashuvi bo‘yicha kosmik tasvirlar ham taqdim qilindi. 727 ta murojaat tuman hokimligi qurilish bo‘limi, tuman yer resurslari va davlat kadastr bo‘limi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi, tuman davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi, yong‘in xavfsizligi va boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lsa, 1865 ta ariza rad etildi.

Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, murojaatlarning ijobiy xulosa berilganidan ko‘ra rad etilganlari ko‘proq. Chunki keyingi yillarda ayrim fermerlar o‘zi egallab turgan yer maydonlarini fuqarolarga uy-joy qurish uchun sotgan. Bu hol ayniqsa, tumanning Mirzo Ulug‘bek, Sarbozor mahallasi hududidagi fermer xo‘jaliklarida ko‘p kuzatilgan. Masalan, Mirzo Ulug‘bek mahallasidagi “Berdiyev Inomjon zamini” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Xolyigit Ro‘ziqulov 12,6 gektar ekin maydonidan 6,7 gektarini 97 fuqaroga o‘zboshimchalik bilan sotib yuborgan. Bundan tashqari, tumandagi fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi maydonlarda 200 nafar fuqaro qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan unumdor yerlarda o‘zboshimchalik bilan uy-joylar qurgan. Xo‘sh, o‘zboshimchalik bilan sotib yuborilgan yerlar masalasida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

- Mirzo Ulug‘bek va Sarbozor mahallalaridagi 34 nafar fuqaroning o‘zboshimchalik bilan qurgan qurilishosti maydonlari yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritildi, - deydi tuman hokimligi qurilish bo‘limi boshlig‘i Zoyir Hayitov. – O‘zboshimchalik bilan qurilgan 94 ta imoratrdan 53 tasida mulk egasini aniqlash ishlari olib borilmoqda.

Tuman adliya bo‘limi xodimlari tegishli mutaxassislar bilan birgalikda joyiga chiqib o‘rganganda o‘zboshimchalik bilan qurilgan 144 ta uy-joyda fuqarolar istiqomat qilayotganligi sababli egalik huquqini berish mumkinligi bildirilgan. 37 imoratda esa fuqarolar yashamayotganligi va yashash uchun sharoit ham yo‘qligi, 16 tasida faqat poydevor qurib qo‘yilganligi tufayli mulk huquqini berish mumkin emasligi to‘g‘risida xulosalar berilgan.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

“Zarafshon” muxbiri.