Pensiya jamg‘armalarida “Xolis fuqaro” yoki “Sirli murojaatchi” qutilari nega o‘rnatilgan?
Davlat va jamiyatning rivojiga xalqning adolatga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavf – korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayapti.
Prezidentimizning 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni tizim samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Farmonda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish, davlat organlarining hisobdorligi va faoliyati shaffofligini oshirish vazifalari belgilangan.
Bu borada Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining shahar va tuman bo‘limlari binolariga “Xolis fuqaro” yoki “Sirli murojaatchi” qutilari o‘rnatilgan. Jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya holatlarini aniqlashga yordam beruvchi bu ishda xabar beruvchi shaxsga anonim bo‘lib qolish imkoniyati yaratilgan.
Umuman, farmon ijrosi bo‘yicha jamg‘armaning viloyat boshqarmasida maxsus ishchi guruh va chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Ushbu reja asosida tuman (shahar) Pensiya jamg‘armasi rahbarlari va boshqarma xodimlari ishtirokida “Zoom” dasturi orqali o‘quv seminar o‘tkazildi.
Pensiya jamg‘armasi boshqarma hamda tuman (shahar) bo‘limlari faoliyatida korrupsion holatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi yo‘nalishlarni belgilash, korrupsiya xavfini bartaraf etish hamda profilaktika ishlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Bildirilgan fikrlar asosida tizimda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali inson omilini kamaytirish, tanlov asosida pensiya va nafaqa tayinlangan fuqarolar bilan telefon orqali bog‘lanib, xodimlar tomonidan ta’magirlik, odob-axloq qoidalariga rioya qilinishi holatlarini o‘rganib borish belgilandi.
D.NORMAMATOV,
Pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi bosh yuridik masalahatchisi.