Pensiya va nafaqalarni bank kartalariga majburan o‘tkazilayotganligi haqidagi xabarga izoh berildi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi pensiya va nafaqa oluvchilarni bank kartalariga majburan o‘tkazilayotganligi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi (https://t.me/PensionFundRUz/5083).

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2753-son Qaroriga muvofiq barcha turdagi pensiya va nafaqa to‘lovlari naqd shaklda beriladi yoki fuqarolarning roziligi asosida bank kartasiga o‘tkazilishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi PF-6155-son Farmoniga muvofiq, pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtirish joriy etilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Pensiya jamg‘armasi tomonidan pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolarni bank kartalariga majburan o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarlar asossiz bo‘lib, barcha harakatlar fuqarolarning xohish istaklari va roziligi asosida amalga oshirib kelinmoqda.