Pensiyangiz qancha oshdi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 12 iyuldagi «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoniga asosan 2019 yilning 1 avgustidan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshiriladi.
1 avgustdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam ish haqi - oyiga 223 000 so‘m, yoshga doir pensiyalar - oyiga 436 150 so‘m, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa - oyiga 436 150 so‘m, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa - oyiga 267 650 so‘m miqdorida belgilandi.
Farmonga muvofiq, 1 avgustdan boshlab II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlik pensiyalari eng kam miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan 75 foiziga oshirilishi va II guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz shaxslar pensionerlarning pensiyalariga ustama miqdori eng kam ish haqining 50 foizidan 75 foiziga oshirilishi belgilab qo‘yildi.
Xo‘sh, bu nimani anglatadi yoki pensiya qay tarzda qayta hisoblanadi?
Hamma nogironlarning pensiya miqdori 1,1 baravarga oshiriladi, ammo ayrim nogironlarning pensiya miqdorlari ko‘proq oshadi. Masalan II guruh nogironi bo‘lgan Turdioy Toshniyozova (ism, familiyalar shartli) yoshiga nisbatan talab qilingan staj 10 yil bo‘lib nogironlik pensiyasi rasmiylashtirishda 4 yillik ish stajini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etgan, xolos. Unga to‘liqsiz staj bilan nogironlik pensiyasi tayinlab berilgan va eng kam yoshga doir pensiyaning 50 foiziga yetkazilgan, ya’ni 198 250 so‘m pensiya tayinlangan. Agar ushbu pensiya 1.1 baravarga oshirilganda 218 075 so‘mni tashkil qilgan bo‘lar edi. Endilikda 1 avgustdan ushbu shaxsning pensiya miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 75 foizi, ya’ni 327 112,5 so‘mga qayta hisob-kitob qilinadi.
Shu o‘rinda boshqa bir misol, to‘liqsiz staj bilan II guruh nogironi 250 ming so‘m miqdorda pensiya olib kelmoqda, pensiya miqdori 1.1 baravarga oshirilsa 275 ming so‘m bo‘lardi. Yuqorida qayd qilingan farmonga asosan u ham eng kam yoshga doir pensiyaning 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda, ya’ni 327 112.5 so‘mga qayta hisob-kitob qilib, to‘lanadi.
Yolg‘iz nogiron pensioner (hech kimi yo‘q, yaqin qarindoshlari, farzandlari, aka-ukalari ham yo‘q)ning pensiya miqdori esa biroz boshqacha qayta hisoblanadi. Bunda olib turgan asosiy pensiya (yolg‘iz nogiron sifatida 50 foiz ustamadan tashqari) 1,1 baravarga oshirilgan miqdorda qayta hisoblanib, eng kam oylik ish haqining 75 foiz miqdorida ustama qo‘shib beriladi.
Masalan, II guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz pensioner Mahkamov Abdushukur 500 ming so‘m pensiya miqdori va unga eng kam ish haqining 50 foizi - 101365 so‘m miqdorida ustama qo‘shilib 601 365 so‘m pensiya olgan. Bunda olib turgan asosiy pensiya miqdori 1,1 baravarga oshirilgan miqdorda qayta hisoblanib, eng kam oylik ish haqining 75 foiz miqdorida ustama qo‘shib beriladi. Ya’ni 550 ming so‘m asosiy pensiya miqdori va 167 250 so‘m ustama qo‘shib (joriy yilning 1 avgustdan belgilangan eng kam ish haqining 223 x 75 foizi miqdorida) hisoblanadi.
Farmonga ko‘ra, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi miqdori mehnatga layoqatsiz oila a’zolari soniga amaldagi foizlar nisbati saqlangan holda yoshga doir pensiyaning eng kam miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.
Aslida pensiya va nafaqalarni ajrata olish muhim ahamiyatga ega. Negaki, pensiya tayinlash uchun ish stajiga ega bo‘lmagan, ayrim shaxslarga ijtimoiy nafaqa tayinlanadi. Misol uchun, ma’lum sabablarga ko‘ra hech joyda ishlamagan fuqaro vafot etdi. Vafot etgan ushbu boquvchining bolalariga Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 apreldagi “Pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq ijtimoiy nafaqalar tayinlanadi.
Nizomga ko‘ra, bir bolaga vafot etgan boquvchi olishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy nafaqaning 50 foizi, ikki, uch va undan ortiq bolalarga 75 foizi tayinlab beriladi.
Ushbu toifada ishlamagan boquvchining bir nafar bolasiga ijtimoiy nafaqa ya’ni, 243 300 so‘mning 50 foizi - 121 650 so‘m to‘lab kelingan. Endi u qayta hisoblanib, 218 075 so‘mga oshiriladi. Ya’ni, eng kam yoshga doir pensiya 436 150 so‘mning 50 foizi hisobidan kelib chiqib belgilanadi.
Farmonda joriy yilning 1 avgustidan I guruh nogironlik nafaqasi, shuningdek, 16 yoshdan katta bolalikdan I guruh nogironlik nafaqasi oluvchilarga har oyda eng kam ish haqining 25 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilinishi ham belgilangan. Alohida qayd etish lozim, ushbu qo‘shimcha to‘lov ilk bor joriy qilinmoqda.
Misol uchun, bolalikdan I guruh nogironi 396 500 so‘m miqdorda ijtimoiy nafaqa oladi, nafaqa miqdori 1 avgustdan 1,1 baravarga oshirilib 436150 so‘mga qayta hisoblanadi. Bundan tashqari eng kam oylik ish haqining 25 foizi, ya’ni 55 750 so‘m miqdorida qo‘shimcha to‘lov ham oladi.
Abdurashid RAHIMOV,
Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi
Samarqand viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.