Peruda tartibsizliklar bosilmayapti

Pedro Kastilyoning vorisi Dina Boluartening iste’foga chiqishi, zudlik bilan saylovlar e’lon qilinishi va yangi konstitutsiya qabul qilinishi — shunday talablarni poytaxt Limaga chekka tog‘li provinsiyalardan kelgan perulik namoyishchilar ilgari surgan. Ko‘pminglik namoyishlar politsiya bilan to‘qnashuvga olib kelgan.

Mamlakat janubidagi tartibsizliklar davomida kamida 2 kishi halok bo‘lgan. Shu tariqa, qarama-qarshilik qurbonlarining umumiy soni 50 nafardan oshdi.

Ichki ishlar vazirligi 16 nafar politsiyachi jarohatlanganini ma’lum qildi. Mamlakatning ikkinchi yirik shahri Arikipa, Titikaka sohilidagi Puno shahridagi aeroportlarga hujum uyushtirishga urinish haqida xabar berilgan.

Peruda bir oydan ortiq vaqtdan beri favqulodda holat hukm surmoqda.

7 dekabr kuni Kongressni muvaffaqiyatsiz tarqatib yuborishga bo‘lgan urinishdan so‘ng Pedro Kastilyo hukumatdan chetlashtirilgan va hibsga olingan edi.