Peskov Putinning “Rus xalqi sovg‘asi” bilan bog‘liq so‘zlariga izoh berdi

Rus xalqining sobiq ittifoq davlatlariga qilgan “hududiy sovg‘asi” haqida gapirib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin konstitutsiyada yo‘l qo‘yilgan xatolarni nazarda tutgan edi, deya ta’kidladi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

21 iyun kuni “Rossiya 1” telekanaliga bergan intervyuda Vladimir Putin o‘zgartirishlar kiritilishi kutilayotgan Rossiya konstitutsiyasi to‘g‘risida so‘zlab, SSSR tuzilayotgan vaqtda uning tarkibidan chiqish amaliyoti nazarda tutilmagani haqida so‘zladi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, bu holat sobiq ittifoq tarkibiga kirgan davlatlar uning tarkibidan chiqayotgan vaqtda Rossiya yerlari bo‘lgan hududlarni o‘zlari bilan birga olib ketishiga sabab bo‘lgan.

“Agar biron bir davlat sobiq ittifoq tarkibiga kirgan bo‘lib, biroq o‘zining yukxonasiga o‘lkan hududli Rossiyaning tarixiy yerlarini qo‘shib olib, so‘ng ittifoq tarkibidan chiqishga qaror qilgan. Nima bilan kelgan bo‘lsa, o‘sha bilan chiqsin edi va rus xalqining sovg‘asini o‘zi bilan olib ketmasin edi”, deya ta’kidlagan Rossiya Prezidenti.

Jurnalistlar Peskovdan Putin tomonidan aytilgan “rus xalqining sovg‘asi” to‘g‘risidagi gaplariga aniqlik kiritishni so‘radi.

“U sovg‘alar haqida gapirmadi. Konstitutsiyada bizning mamlakatimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan bir qator vaziyatlar, voqealar rivoji hisobga olinmaganligi, oldindan yo‘l quyilgan tizimli xatolar haqida gapirdi. Putin aynan shunga to‘xtaldi va bu yerda diqqat bilan o‘qish kerak”, deya javob berdi Peskov jurnalistlarga.