Piyoz sotish bahona mehmonlarga nashasini pullamoqchi bo‘lgan “dehqon” qo‘lga olindi
Narkotik moddalarning savdosi va iste’moliga qarshi olib borilayotgan keskin choralarga qaramay xonadonlarda hamon giyohvand o‘simliklar yetishtirish hollari uchrab turibdi, deb yozmoqda “Adolat sari” gazetasi.
Abdumalik 60 yoshdan oshgan, nafaqada. Olti nafar farzandning otasi, bir necha nabiralar bobosi. Dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Piyoz sotadi. Odamlardan ham olib, ustiga o‘z haqini qo‘yib sotadi.
Erta bahor u hovlining chetiga bir tup tarkibida giyohvand moddasi bo‘lgan kannabis o‘simligini ekdi. Yoz bo‘yi parvarishlab, yetilishini kutdi. Abdumalik ta’qiqlangan o‘simlik haqida bilardi. Ammo, shu yoshida uni nafs balosi ko‘zini ko‘r qildi. O‘simlikni odamlar ko‘zidan pana qilib, yetilishini kutdi. Avgust oyi oxirlarida pishib yetilgan 210 gr “marixuana” giyohvandlik vositasini yig‘ishtirib oldi. Kelgusida mo‘may daromad qilishni o‘ylab, yashirib qo‘ydi.
Bir kuni uni izlab qo‘shni qishloqdan bir-ikkita yigitlar keldi.
- Meni ismim Furqat. Rossiyaga piyoz jo‘nataman. Sizni ham piyoz savdosi bilan shug‘ullanadi, deb eshitib kelyapman. Topib bersangiz rozi qilaman, - dedi yigitlardan biri.
- Ha, piyoz sotaman men ham. Qancha bermoqchisiz, - dedi Abdumalik.
- Xafa qilmayman. Siz, piyoz topib bersangiz bo‘ldi, - dedi Furqat.
- Topib bergan piyozlarimning har bir kilogrammiga 100 so‘mdan berasiz.
Ular Abdumalikning uyiga kirishdi. Birgalashib, kelishuvni nishonlashdi.
- Menga nasha kerak edi-da. Topib berolmaysizmi, mobodo, - dedi Furqat gap orasida.
- O‘zim iste’mol qilaman. Shuning uchun uyda saqlayman, - dedi Abdumalik xaridor topilganidan xursand bo‘lib. Bir zum o‘tib, yashirib qo‘ygan “marixuana”ni olib keldi.
U 400.000 so‘m evaziga 100,74 gramm giyohvand moddasini Furqatga sotdi.
Oradan biroz muddat o‘tib Abdumalik organ xodimlari tomonidan ushlandi. O‘zida qolgan 101,06 gramm “marixuana” giyohvandlik moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergovda o‘zini oqlashga uringan Abdumalik, burun bo‘shlig‘ida shamollash (gaymorit) kasalligi borligini, shu bois “marixuana” chekib yurishini aytdi.
Sudga oid narkologiya ekspertizasining xulosasida esa Abdumalikning giyohvandlik moddalarini iste’mol qilish belgilari aniqlanmagan.
Sud hukmi bilan Abdumalik 5 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.