Plastik kartadagi pullarni Slick orqali o‘g‘irlagan shaxs javobgarlikka tortildi
Xorazmda plastik kartochkadagi pullarni Slick dasturi orqali o‘g‘irlagan shaxs javobgarlikka tortildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 40 yoshli Karimboy I. o‘zining nomiga rasmiylashtirilgan sim kartani TIF “Milliy bank” Shovot filialida fuqaro 23 yoshli G.Ya.ning nomiga rasmiylashtirilgan plastik kartochkasiga “Bank SMS” tizimi orqali ulanganligini bila turib, ushbu plastik kartochkadan Slick dasturi orqali 2019 yil 15 avgust kunidan 31 avgust kuniga qadar 1.136.000 so‘m va 02 oktyabr kuni 1.114.000 so‘m pullarni yashirin ravishda qo‘lga kiritgan.
Holat yuzasidan Shovot tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Karimboy I.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169–moddasi 3-qismi “b” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida Karimboy I. tomonidan G.Ya.ga yetkazilgan moddiy zarar to‘liq undirilgan.
Karimboy I.ga ushbu modda bilan ayblov e’lon qilingan va unga nisbatan “shaxsiy kafillik” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 2019 yilning 27 noyabr kuni jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sud muhokamasiga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Gurlan tumani sudining 2020 yil 8 yanvar kungi hukmi bilan Karimboy I. JKning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybdor deb topilib, unga bir yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.