Pokistonda halokatga uchragan samolyot qurbonlari soni 97 nafarni tashkil etmoqda

Pokiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Karachi aeroporti yaqinida Airbus A-320 samolyotining halokatga uchrashi oqibatida 97 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi.

“Samolyot bortida jami 99 kishi bo‘lgan. Ulardan 97 kishi halok bo‘lgan. Ikki kishi omon qolgan”, deya yozgan vazirlik matbuot kotibi Miran Yusuf o‘zining Tvitter sahifasida. Shu bilan birga, u ayni vaqtgacha 19 nafar halok bo‘lganlarning shaxsi aniqlanganini ma’lum qilgan.

Halokat sodir bo‘lgan joyda qidiruv-qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda. Aviakompaniya rasmiylari taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, samolyot bortida 91 nafar yo‘lovchi va sakkiz nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.

Pokiston Bosh vaziri Imran Xan halokat sabablarini o‘rganish bo‘yicha tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi. Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, samolyotning “qora qutisi” topilgan. Quti samolyotni ishlab chiqaruvchiga o‘rganish uchun yuboriladi.