Pokistonlik general Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi

Pokiston Islom Respublikasining general Sodiq Ali boshchiligidagi delegatsiyasi bugun – 30 may kuni Samarqandga tashrif buyurdi.

Mehmonlarni Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov  kutib oldi.

Delegatsiya a’zolari dastlab, Payariq tumanidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qildi. Majmua yonida bunyod etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan tanishuv chog‘ida qisqa fursatda bunyod etilgan ushbu markazning yaratilish tarixi, uning faoliyati haqida mehmonlarga batafsil ma’lumot berildi. Bu yerdagi muzey va undagi eksponatlar pokistonliklarda katta qiziqish uyg‘otdi.

General Sodiq Ali buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, bu zot to‘plagan eng sahih hadislar islom dinining asl mazmun-mohiyatini odamlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Delegatsiya a’zolari shundan so‘ng Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi.