Pora olmang, deya haqoratlanganman…
“...Institutimizda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha davra suhbati o‘tkazilgandi o‘shanda. Ushbu targ‘ibot tadbirining ma’nisi shunda ediki, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va boshqa idora vakillari tomonidan biz, o‘qituvchilarga, talabalarga dars beradigan ustozlar pora olishning salbiy oqibatlari haqida ma’ruza o‘qildi. To‘g‘risi, ushbu davra suhbatidan chiqqanimdan so‘ng ko‘nglim og‘ridi. Keyingi yillarda bu kabi davra suhbatlari, turli mavzularda yig‘ilishlar o‘tkazilishi allaqachon an’anaga aylanib qolgan. Lekin biz, o‘zimiz o‘rnak bo‘lishimiz kerak bo‘lgan, talabalar «ustoz» deya ishonadigan o‘qituvchiga pora olmang deyish haqoratday eshitilib ketarkan. O‘sha davra suhbatidan so‘ng bu haqda ko‘p o‘yladim. Nahotki, shu darajaga kelib qolgan bo‘lsak? Axir oliy ta’lim dargohlarida shu mazmundagi yig‘inlar o‘tkazilayotgan ekan, demak, ayb o‘zimizda. Qancha professor, akademiklarni tarbiyalagan bu dargohda ishlaydigan har bir inson shu nomga munosib bo‘lishni o‘z tanasiga o‘ylab ko‘rishi kerak emasmi? Shunday holatlar sodir bo‘lyaptiki, demak bizni pora olmaslik haqida ogohlantirishyapti. Mana, hozir tizimda islohotlar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Yana ko‘p yangiliklar, o‘zgarish bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Avvalo, pora olayotgan o‘qituvchiga atrofdagilarning, hamkasblarning o‘zi murosasiz bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman”.
“...Bir umr maktabda ishladim, o‘quvchilarim bir necha martalab fan olimpiadalarida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Eng qiyin paytlarda ham sohani tashlab ketmadim. Chunki shu mening ishim, shu soha bilangina hayotim mazmunli. Lekin keyingi yillarda matematika fakultetini bitirib kelib, dars berolmayotgan, o‘quvchilar oldida uyalib qolayotgan o‘qituvchilar avlodi paydo bo‘ldi. Dars berish uchun repetitorga qatnashga majbur bo‘lgan yoshlar o‘qituvchi bo‘laman, deb kelyapti (Bir amallab institutga kirgan, diplom qo‘liga tekkach, mutaxassisligi pedagog-da, maktabdan ish izlaydi). Ta’lim tizimi xodimlarini har qanday idora kelib tekshirishi odatiy holga aylandi. Ko‘chada xazonlarni tozalayotganimizda “Sen ham o‘qimasang, shularga o‘xshab yurasan” deya yonidagi farzandiga dakki berib o‘tayotgan insonlarning pichinglarini eshitishimizga to‘g‘ri kelgan paytlar bo‘ldi. Ta’lim katta bir islohotga muhtoj bo‘lib qoldi...”
O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan marosimda mamlakatimiz rahbarining nutqini eshitarkanman, turli yillarda fidoyi o‘qituvchilar bilan suhbatim davomida nafaqat xotiramda, balki qalbimda muhrlanib qolgan yuqoridagi fikrlar qayta jonlandi. Ta’limning islohotga juda muhtoj bo‘lib qolgani, jamiyatdagi har qanday muammoni aylantirib ta’lim tizimiga olib kelib taqayotganimiz rost. Ikki ziyoli yig‘ilsa, ta’lim haqida so‘zlashishi, fidoyi ustozlar ko‘rishib qolsa sohaning muammolaridan suhbatlashishi bejiz emasdi. Mamlakatimiz rahbari nutqida mana shu muammolar, ta’limning to‘planib qolgan dard-alamlari mujassam edi.
Ko‘pincha ta’lim boshqarmasidagilar jurnalistlardan nega faqat ta’lim sohasidagi kamchiliklarni yoritasizlar, boshqa sohaga e’tibor qaratmaysizlar, deya o‘pkalab qolishardi. Rostdan ham, ba’zida chiroyli maqola qilib beramiz, degan pallada ham zarur manzilga borgach, u yerda muammoli vaziyatga duch kelar, bu vaziyatdan ko‘z yumib ketish ham og‘ir edi. Faqat fidoyi ustozlar, o‘z ishiga sadoqat bilan mehnat qilayotgan jonkuyar muallimlar bilan suhbatgina kishiga taskin berar, sohaga nisbatan hurmatimiz va mehrimizni oshirardi.
Mamlakatimiz rahbari nutqida aynan mana shu, ko‘z yumib bo‘lmaydigan muammolar ham, cheksiz fidoyilik ham gavdalanganki, uni nafaqat soha xodimlari, balki ziyoliman degan har bir inson qayta-qayta o‘qib chiqishi, xulosalar chiqarishi mumkin. Ularda balandparvozlik yo‘q, oddiy haqiqatlar bor, uzoq yillardan beri fidoyi ustozlarni o‘ylantirgan, qiynagan masalalar va ularning yechimi uchun aniq yo‘nalishlar bor.
Deylik, Buxoroning Qorako‘l tumanidagi maktabning tajribasi nega hanuzgacha boshqa viloyatlarga tatbiq etilmagani haqidagi fikrning o‘zi kishini mulohazaga chorlaydi. Samarqandda har bir fanni san’at darajasida o‘tadigan o‘qituvchilar kammi? Albatta, yetarli. Afsuski, ba’zilariga e’tibor yo‘q, ba’zilari shogirdlari kamolidangina bo‘yi bir gaz o‘sib, o‘qituvchiligidan mamnun mehnat qilmoqda.
Umidimiz borki, mamlakatimiz rahbari nutqi ta’lim tizimidagi yana bir yirik jarayonning katta bir bosqichiga aylanadi. Ushbu tarixiy nutq fidoyi ustozlarning uzoq yillik orzulariga pillapoya bo‘ladi.
Gulruh MO‘MINOVA.