Prezident faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun 27 ta tuman va shahar hokimlari o‘rinbosarlarini lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berdi

Ayni paytda Prezident raisligida xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yil yakuniga qadar rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilishda tadbirkorlar xizmatlar sohasida asosan 3 ta masala – yer, bino va infratuzilma bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

So‘nggi ikki oyda 23 mingdan ziyod yer maydonlari savdoga chiqarilgan, shundan 12 mingtasi yoki 60 foizi xizmat ko‘rsatish joylarini tashkil etish uchun qo‘yilgan.

Bunda 63 ta tuman va shaharda auksionga qo‘yilgan yer uchastkalarining soni 100 tadan ko‘p bo‘lsa, 27 ta tumanda 10 taga ham yetmaydi.

Misol uchun, Navoiy, Shahrisabz, Qo‘qon, Xiva, Urganch shaharlari, Toshkent, Bo‘stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlarida savdoga qo‘yilgan yer maydonlari soni 10 tadan oshmaydi.

Shu bois, faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Navoiy, Shahrisabz, Qo‘qon shaharlari, Toshkent, Bo‘stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlari hokimlariga nisbatan oxirgi marotaba hayfsan berish, ushbu tuman va shahar hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlarini lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berildi.