Prezident muloqoti samarqandlik tadbirkorlarga yer ajratishda qanday qulaylik berdi?
Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvidan so‘ng viloyatda tadbirkorlarga zaruriy yer maydonlarini ajratish bo‘yicha quyidagi vazifalar belgilab olindi.
Birinchidan, 1298 ming gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlari mavjud. Shundan, 428 ming gektar ekin maydonlari, 68 ming gektar ko‘p yillik daraxtzorlar, 5 ming gektar bo‘z yerlar va 796 ming gektar yaylovlar.
Qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berishda shaffof tizim yaratilmaganligi, yer maydonlari o‘z egasiga topshirilmaganligi unumdor yerlarning ball bonitetlari pasayishiga sabab bo‘ldi. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bugungi kunda ochiq tanlov asosida yerlarni ijaraga berish bo‘yicha 2637 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlari tuman hokimliklari zaxirasiga olingan. Tanlovda barcha – dehqon ham, fermer ham, agrofirma va klasterlar ham teng shartlarda ishtirok etadi.
Ikkinchidan, maydoni 179,7 gektarga teng qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan 1614 ta yer uchastkalari auksion savdolari orqali sotildi. Shuningdek, 60,9 gektarlik 1440 ta yer uchastkalari auksion savdolarida e’londa turibdi.
Hozirgi kunga qadar hududlarda infratuzilma ob’yektlariga yaqin 1898 ta konturda 190 gektar yer maydoni aniqlanib, belgilangan tartibda auksion savdolariga chiqarish ishlari olib boriladi.
Shuningdek, joriy yil 1 noyabrga qadar viloyatda maydoni 50 gektar 1000 ta, shuningdek, magistral yo‘l bo‘yida 70 gektar 250 ta yer uchastkalari belgilangan tartibda auksion savdolariga chiqariladi.
Misol uchun, Samarqand shahar Cho‘pon ota MFYda, A-378 yo‘l yoqasida avtomobillarga xalqaro yuk tashish, kiyim yuvish shoxobchasi, avtomobil extiyot qismlari sotish do‘koni, shoxobchasi binolari qurish uchun 0,4 gektar yer maydoni, Narpay tumani Ipak yo‘li MFY, M-37 yo‘l yoqasida savdo va maishiy xizmat binolari qurish uchun 0,04 gektar yer maydoni auksion savdoga chiqariladi.
Uchinchidan, ko‘pchilik tadbirkorlarni o‘z korxonasi joylashgan yer maydonining taqdiri ertaga nima bo‘ladi, degan savol qiynayotgan edi. Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan muloqotida buning yechimi aniq ko‘rsatib berildi.
Viloyatdagi jami 19065 tadbirkorga tegishli korxonalarda 344,7 gektar yer maydoni mavjud. Yerning turiga qarab, uning joylashgan hududidan kelib chiqib, imtiyozli shartlar asosida ushbu korxonalarga xususiylashtirib berilishi yerdan garov ob’yekti sifatida foydalanish imkoniyatini yaratadi.
To‘rtinchidan, viloyatda 2021 yilda qiymati 143,1 milliard so‘mlik 74 ta davlat aktivlari 39,8 milliard so‘m investitsiya kiritilishi hamda 421 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi sharti bilan sotilishi rejalashtirilgan. O‘tgan davr mobaynida 33 ta davlat aktivi 29 milliard so‘m investitsiya kiritish hamda 401 ta yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan 27,1 milliard so‘mga sotilgan (23,7 milliard so‘mlik to‘lovlar to‘langan).
Misol uchun, Samarqand shahridagi "O‘zqishloqelektrqurilish" AJ (elektr tarmoqlari liniyalarini qurish)ning 34,94 foiz davlat aksiya paketi 20,1 milliard so‘mga, shuningdek, Narpay tumanidagi “Avtomobillarga suyuq gaz quyish shoxobchasi” bino-inshootlari 604,7 million so‘mga sotildi.
Bugungi kunda 29 ta davlat aktivlari 103 milliard so‘mlik boshlang‘ich narxda ommaviy savdolarda turibdi.
Masalan, “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” AJning 64,9 foiz davlat aksiya paketi 74,4 milliard so‘m, "Past Darg‘om MTP" MChJning 100,0 foiz davlat ulushi 7,9 milliard so‘m boshlang‘ich narxda savdoda.
J.O‘ROQOV,
viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari.