Prezident saylovini o‘tkazishda koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha Yo‘riqnoma tasdiqlandi

Yo‘riqnomaga muvofiq:

● Saylov okruglari va uchastkalarida, ovoz berish xonalarida saylov komissiyasi a’zolari, saylovchilar, kuzatuvchilar va OAV vakillari: haroratni o‘lchash uchun termometr, pirometr; himoya niqobi; bir martalik tibbiy qo‘lqop (saylov komissiyasi a’zolari uchun); antiseptik suyuqlik (sanitayzer) kabi himoya va profilaktika vositalaridan foydalanishlari talab etiladi.

● Saylov jarayoni ishtirokchilari himoya niqobidan foydalanishi; qo‘l berib salomlashish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontaktga kirishishning boshqa shakllaridan saqlanishi; ijtimoiy masofaga rioya qilishi lozim. Okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarning kirish qismida va ovoz berish xonasida ijtimoiy masofani saqlash uchun 1,5–2 metr oraliq masofani belgilovchi hamda harakatlanish yo‘nalishini ko‘rsatuvchi chiziqlar bo‘lishi lozim.

● Okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarga biriktirilgan tibbiyot xodimi saylov komissiyalari binolarining kirish qismida tashrif buyuruvchilarning tana haroratini o‘lchaydi, antiseptik vosita bilan qo‘llarini dezinfeksiya qiladi va himoya niqobida bo‘lishini nazorat qiladi, zaruratiga ko‘ra himoya niqobi beradi.

● Uchastka saylov komissiyalari a’zolari ish faoliyatini amalga oshirishida shaxsiy himoya vositalari (himoya niqobi, antiseptik vositalar)dan foydalanishlari shart.

●Saylov kuni ovoz berish boshlanishidan kamida 6 soat oldin barcha uchastka saylov komissiyalarining ovoz berish binolari va xonalari dezinfeksiya qilinadi.

● Saylov uchastkasi «qizil» yoki «sariq» hududga to‘g‘ri kelgan taqdirda komissiya a’zolari ish faoliyati davomida majburiy foydalanishi uchun himoya vositalari bilan ta’minlanadi. Unga ko‘ra, taalluqliligi bo‘yicha: maxsus kombinezon, xalat; nafas olish tizimini himoya qilish uchun — tibbiy niqob; ko‘rish a’zolarini himoya qilish uchun — yuz uchun plastmassali niqob; qo‘llarni himoya qilish uchun — tibbiy qo‘lqop; qo‘l va yuz terisini dezinfeksiyalovchi vositalar, eritmalar, tarkibida xlor va spirt bo‘lgan mahsulotlar.

● Saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining tana harorati 37°S va undan yuqori bo‘lgan taqdirda ular ovoz berish xonasiga kiritilmaydi. Bunda, tana harorati 37°S va undan yuqori bo‘lgan saylovchilar uchun alohida ajratilgan joylarda (binoning kirish qismi va boshqalar) ikki nafar uchastka saylov komissiyasi a’zosi hozirligida ko‘chma saylov qutilari va kabinalaridan foydalangan holda yashirin ovoz berish huquqi ta’minlanadi.