Prokuror o‘rinbosari: "Sport sohasida talon-torojliklar bor, madaniyat markazlarida sharoit yo‘q"

Viloyat prokuraturasi sport va madaniyat sohalarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat tarmog‘i tomonidan 2022 yilda bir qator nazorat tadbirlari amalga oshirildi.

Natijada sport sohasidagi qonunbuzilish, ularning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida 3 ta taqdimnoma kiritildi. Qonunga zid qarorlarni bekor qilish to‘g‘risida 12 ta protest keltirilib, 4 nafar shaxs intizomiy va 14 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 11 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklanib, 2 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Xususan, Toyloq tumani sport maktabida xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi va to‘lanishi ahvoli tanlov asosida nazorat tartibida tekshirilganda ishga qabul qilinmagan hamda sport maktabida ishlamagan fuqarolarga 125 million 647 ming 768 so‘m ish haqi yozilib, o‘zlashtirilgan. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Toyloq tumani sport maktabi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “a, g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Madaniyat va san’at sohasida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida qonunbuzilishlar, ularning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida 4 ta taqdimnoma kiritilgan. Qonunga zid qarorlarni bekor qilish to‘g‘risida 7 ta protest keltirilib, 5 nafar shaxs intizomiy va 1 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Jiddiy qonun buzilish holatlari yuzasidan 2 ta jinoyat ish qo‘zg‘atilgan.

Masalan, Narpay tumani madaniyat bo‘limi moddiy javobgar shaxslari o‘z mansab mavqeini suiiste’mol qilib, o‘zganing ko‘p miqdordagi mol-mulkini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, madaniyat markazlarining binolari hamda yaratilgan shart-sharoitlar talab darajasida emas. Xususan, faoliyat ko‘rsatayotgan madaniyat markazlarining 65 tasi (50,7 foiz) 1990 yilga qadar qurilgan, ma’nan eskirgan binolarda joylashgan. 15 ta madaniyat markazi o‘z binosiga ega emas, 7 tasi avariya holatiga kelib qolgan va 18 tasi ta’mirtalab.

Hududiy madaniyat markazlari o‘tkaziladigan tadbirlarga tekin jalb qilinmoqda. Vaholanki, Prezidentimizning “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida Madaniyat vazirligi va boshqa davlat organlari tomonidan davlat tadbirlari va boshqa tadbirlarga ijodkorlar va ijrochilarning jamoatchilik asosida jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Madaniyat markazlari tomonidan to‘garaklar va pulli asosda madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli o‘z samarasini bermagan. 78 ta madaniyat markazi tomonidan pulli asosda birorta madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etilmaganligi oqibatida daromad olinmagan. Tuman va shahar hokimliklari, tashkilot va muassasalar bilan madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha bironta shartnoma tuzilmagan.

Dilmurod Sayidqulov,

Samarqand viloyati prokurorining o‘rinbosari.