“Pulimni kim undirib beradi? Moskvaga ucholmay qolgan bir men emasman” 

Tahririyatimizga Payariq tumanidan murojaat kelib tushdi. U ko‘pchilikning manfaati bilan bog‘liq bo‘lgani uchun mutasaddilarning e’tiboriga havola qilishni lozim topdik.

“Assalomu alaykum, men 2020 yil noyabr oyida Chelakdagi (Payariq tumani - tahririyat) aviakassadan - Artikov Xurshiddan "Samarqand-Moskva" yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta olgandim, - deb yozadi R.Mo‘minova. - Dekabr oyida, samolyot uchishiga 3 kun qolganda "Reys bekor bo‘ldi", deb telefon qildi”.

Murojaatchining yozishicha hamma boshog‘rig‘i ana shundan keyin boshlangan. Aniqrog‘i, u chipta uchun to‘lagan pulini undirolmay, u eshikdan, bu eshikka sarson bo‘lmoqda.

“Men pulimni qaytarishini aviakassadan so‘raganimda avvaliga bugun-ertaga deb aldab yurdi. Bilishimcha, mendan tashqari 16 kishi mana shunday holatga tushgan ekan.

Oxiri 2021 yil martda Payariq tuman IIBga ariza bilan murojaat qildim. Afsuski, 2021 yil avgust oyida IIB tergovchisi meni chaqirib, qo‘limga 2021 yil 28 yanvardagi “Jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida”gi qarorni tutqazdi(?!) Bu ish bo‘yicha fuqarolik sudiga murojaat qilasiz, dedi.

Tabiiyki, 2021 yil avgust oyida fukarolik sudiga davlat boji to‘lovlarni amalga oshirib, murojaat qildim. Sud mening foydamga hal qiluv qarori chiqardi.

Ammo mana 4-5 oydirki, hech qanday natija yo‘q.

Eng qizig‘i, bizga chipta sotgan yigit Chelakdagi boshqa aviakassada ishlamokda. Kimdir tushuntirib bera oladimi, men qanday qilib pulimni undira olaman. Axir 8 million 201 ming 400 so‘m shunchaki ko‘z yumib ketadigan pul emas-ku".