Qamal qilingan Leningraddagi (Sankt-Peterburg) “Hayot yo‘li”

“Hayot yo‘li” – Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar tomonidan qamal qilingan Leningradni tashqi dunyo bilan bog‘lovchi yagona transport va kema yo‘li edi. Ladog ko‘li orqali o‘tadigan ushbu yo‘ldan yozda suv orqali, qishda muz orqali transport qatnovi yo‘lga qo‘yilgandi.

дорога жизни через ладожское озеро

Urushning dastlabki oylarida sobiq ittifoq qo‘shini bir qator yirik mag‘lubiyatlarga uchradi. 1941 yilning 8 sentyabrida sobiq ittifoqning Shimoliy poytaxti (Sankt-Peterburg) Gitler qo‘shini tomonidan to‘liq qurshab olindi. Fashistlarning maqsadi shahar aholisini ochlikdan nobud qilish edi. Shu maqsadda Leningrad tashqi dunyodan butunlay ajratib qo‘yildi. Shahar ichakarisida 2,5 milliondan ortiq aholi ochlikka mahkum etilgandi. Shaharning oziq-ovqat zaxirasi uzog‘i bilan bir oyga yetardi. Shu sababli shahar fojia yoqasiga kelib qoldi.

Shimoliy poytaxt butunlay qamalga olinganidan so‘ng shahar bilan aloqa o‘rnatishning va uni oziq-ovaqt va qurol aslaha bilan ta’minlashning yagona yo‘li qolgandi. Bu esa qirg‘oqlari sobiq ittifoq askarlari nazoratida bo‘lgan birgina Ladog ko‘li edi. Urushdan oldingi davrda ko‘l sohilida deyarli hech qanday qurilish ishlari olib borilmagan. Sababi Ladog ko‘li suv transporti uchun juda noqulay hisoblanardi va u orqali suv-qirg‘oq transportlari qatnovi amalga oshirilmasdi.

дорога жизни во время великой отечественной войны

Shahar va shaharni himoya qilayotgan frontni saqlab qolish uchun deyarli imkonsiz ishni amalga oshirish zarur edi. Qisqa muddat ichida qish faslida ham uzluksiz faoliyat olib bora oladigan butun boshli infrastruktura tizimi barpo etilishi shart edi.

“Odatda, “Hayot yo‘li” deyilganda yukxonasiga un ortilgan avtomobillarni muz orqali Leningradga olib boradigan oddiy yo‘l tasavvur qilinadi. Aslida bu o‘rab olingan Leningradni, Kronshtadtni, Leningrad frontini, Qizil nishonli Boltiq flotini qamal yillarida zaruriy mahsulot bilan ta’minlagan deyarli yo‘q joydan barpo etilgan infrastruktura edi. “Hayot yo‘li” tarkibiga ko‘plab omillar kirgan - bu Katta yer bilan bog‘lovchi “havo ko‘prigi”, ko‘l muz bilan qoplanmagan vaqtda yuk tashishni tashkillashtirgan Shimoliy-G‘arb daryo kemachiligi, Moskva bilan aloqa o‘rnatilishini ta’minlagan telefon kabellari, Leningradni elektr energiya bilan ta’minlagan yuqori voltli elektr simlari (mazkur simlar Ladog ko‘lining tubidan olib o‘tilgan) edi. Shaharni yoqilg‘i bilan ta’minlagan, Ladog tubidan olib o‘tilgan quvurlar va boshqa omillar ham bo‘lgan”, deydi Leningrad himoyasi va qamali memorial Davlat muzeyi direktori Sergey Kurnosov (22.11.2016 TASS.RU nashri).

Автомобили вывозят людей из блокадного Ленинграда по

1941 yilning 12 sentyabr kuni qurshab olingan Leningradga 800 tonna don va 60 tonna qurol-aslaha ortilgan dastlabki kemalar yetib keldi. 1941 yilning qisqa va juda mashshaqatli kuz qatnovi davrida (suv-transport aloqasi fashist aviatsiyasining tinimsiz hujumlari ostida olib borildi) Ladog ko‘lining g‘arbiy sohiliga umumiy hisobda 60 ming tonnaga yaqin turli mahsulotlar yetkazildi. Ulardan 45 ming tonnasi oziq-ovqat mahsulotlari edi. Qamaldagi shahardan 33,5 ming tinch aholi va yaradorlar evakuatsiya qilindi. “Hayot yo‘li” magistralining uzunligi 30 kilometr masofa atrofida edi. 1941 yilning kuzida nemis aviatsiyasi 14 ta suv kemasini (barj) cho‘ktirishga muvaffaq bo‘ldi.

“Hayot yo‘li”ning muz ustidan qatnaydigan avtomobillarga mo‘ljallangan qishki mavsumiga tayyorgarlik 1941 yilning oktyabr oyida boshlandi. Avtomobil qatnovi va xavfsizlikni ta’minlash uchun maxsus yo‘l nazorati tashkil etildi. Unga muhandis Monaxov rahbar etib tayinlandi. Ko‘l usti muz bilan qoplanganidan so‘ng 1941 yilning 22 noyabrida avtomobil muz yo‘li o‘z faoliyatini boshladi.

монумент разорванное кольцо

“Hayot yo‘li” 1941 yilning sentyabridan 1943 yilning martigacha qamalda qolib ketgan leningradliklar uchun yagona hayot manbai vazifasini bajarib berdi.

“Hayot yo‘li” faoliyat ko‘rsatgan muddat ichida umumiy hisobda 206 ming tonna yuk qamalda qolgan Leningradga yetkazib berildi. Jumladan, Leningrad 112 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari - 56 ming tonna un, 10 ming tonnaga yaqin don, 2,5 ming tonna go‘sht, 5 ming tonnaga yaqin baliq, 3 ming tonnaga yaqin shakar, 7,5 ming tonnaga yaqin sabzavotlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, qamaldagi shaharga 18,5 ming tonna ko‘mir va 50 ming tonnadan ortiqroq qurol aslaha yetkazib berildi.

Ленинградцы в очереди за продуктами.Карточка на хлеб

“Hayot yo‘li”da dushman qo‘shinining hujumi tufayli yoki muz yorilishi oqibatida qancha inson halok bo‘lganini hech kim bilmaydi. Urushdan so‘ng bir necha o‘n yillar mobaynida g‘arq bo‘lgan avtomobillar ko‘l tubidan chiqarildi. 101 raqamli harbiy avtomobil yo‘lidagi oddiy odamlar va haydovchilar ko‘rsatgan jasorat, qahramonlik sharafiga o‘sha avtomobillarning bronzadan yasalgan yodgorlik nusxasi Ladog ko‘li sohilida o‘rnatilgan.

Военно-автомобильная дорога № 101

Bundan tashqari, Gitler qo‘shiniga qarshi birlashib kurashgan, “Hayot yo‘li” faoliyati to‘xtamasligini ta’minlagan va bu yo‘lda o‘z jonini qurbon qilgan, turli millat hamda ellat vakillarining ommaviy qahramonliklari xotirasiga ko‘plab yodgorliklar o‘rnatilgan. “Uzilgan xalqa”, “Rumbol tog‘i”, “Hayot guli” yodgorlik majmualari ularning eng diqqatga sazovorlaridir.

Памятник

Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.