Qandli diabet qanday kasallik, u qanday paydo bo‘ladi?
Noyabr oyi “Diabetga qarshi kurashish oyligi” deb e’lon qilindi.
Inson uchun umuman bilinmay kechadigan qator kasalliklar borki, ulardan biri va eng xavflisi diabetdir. U haqida nimalarni bilasiz, uning birinchi belgilari haqida aytib bera olasizmi?
Afsuski, o‘n kishidan to‘qqiztasi buning nimaligini ayta olmaydi. Ba’zi paytlarda bunaqa bilimsizlik juda achinarli holatlar – insult, yurak-ishemik kasalliklari, miokard infarkti, buyraklar yetishmovchiligi, ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish, gangrena va boshqa ko‘p xil boshqa xastaliklarga olib keladi. Ishoning- bularning barchasi bitta zanjirning xalqalaridir.
Ko‘pincha diagnoz to‘satdan qo‘yiladi: sanatoriyga borishdan oldin vrach ko‘rigidan yoki terapevtning (okulist, ginekolog, nevropatolog) ko‘rigidan o‘tilgan hollarda, shunda ham davolovchi vrachingiz sizni e’tibor bilan ko‘rikdan o‘tkazsa va shikoyatlaringizga quloq solgan hollarda.
Afsuski, biz, tibbiyot xodimlari tibbiy ko‘rikka eng oxirgi fursatda, kasallikning alomatlari bizning turmush tarzimizda jiddiy muammolar tug‘dirishni boshlaganida boramiz. Lekin barcha kasalliklar boshlang‘ich davrida osonroq davolanadi. Shuning uchun, o‘zingizning sog‘lig‘ingizga e’tibor berishingiz hayotiy ahamiyatga ega, qandli diabetni keltirib chiqaruvchi sabablarni va dastlabki alomatlarni bilishingiz zarur.
Qandli diabet (lotincha diabetes mellitus) – endokrin kasalliklar qatoriga mansub bo‘lib, insulin gormonining to‘liq yoki qisman yetishmovchiligidan kelib chiqadi. Oqibatda qonda giperglikemiya – qondagi glyukoza miqdorining davomli ortib borishi kuzatiladi. Kasallik surunkali davom etishi va organizmdagi moddalar almashinuv jarayonlari (uglevod, yog‘, oqsil, mineral va suv-tuz almashinuvi)ning buzilishi bilan tavsiflanadi.
Bunday patologik holatning birinchi ta’riflari kasallikning eng ko‘zga ko‘ringan klinik belgilari – peshob orqali ko‘p suyuqlik yo‘qotish (poliuriya) va qondirib bo‘lmaydigan tashnalik (polidipsiya) bilan berilgan. Qadimda qandli diabet kasalligi tanada suyuqlik ushlab qolish xususiyatining yo‘qolishi bilan kechadigan patologik holat sifatida ko‘rilgan.
Qandli diabet kasalligining ikkita turi mavjud. Birinchi tur qandli diabet autoimmun kasallik. Qolaversa, uning kelib chiqishida pankreatotrop (oshqozon osti bezida yashashga moyil) virusli infeksiyalar (gepatit, parotit, qizilcha, qizamiq va boshqalar)ning ham muhim o‘rni bor. Ikkinchi tur - qandli diabetning kelib chiqishida asosan kamharakatlik, yengil hazm bo‘luvchi ulevodlarga boy mahsulotlarni, hayvon yog‘i mahsulotlarini surunkali tarzda, ko‘p va ortiqcha miqdorda iste’mol qilib yurish va buning ortidan organizmda (asosan qorinda) yig‘iladigan ortiqcha miqdordagi yog‘ to‘qimasining shakllanishi muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, surunkali davom etuvchi stress holatlari, uzoq davom etuvchi uyqusizlik, ba’zi kasalliklar, jumladan, gipertoniya kasalligi, pankreatit, semizlik, tireotoksikoz, Itsenko-Kushing sindromi, akromegaliya va boshqa kasalliklar hamda ayrim dori preparatlari (nikotin kislota, glyukokortikoidlar, tireoid gormonlar) qandli diabet kasalligi paydo bo‘lishida muhim rol o‘ynaydi.
Qo‘qqisdan yuzaga kelgan stress holatlari (birdan qo‘rqib yoki xursand bo‘lib ketish) esa aslida qandli diabetga moyil bo‘lgan, uglevodlar almashinuvi u yoki bu darajada buzilgan odamlarda qandli diabet kasalligi belgilari paydo bo‘lishiga olib keladi.
Qandli diabetni erta aniqlash bo‘yicha viloyatimizda 2023 yil birinchi yarim yillik davomida 587 640 nafar 40 yoshdan oshgan xavf guruhidagi aholi o‘rtasida skrining o‘tkazildi. Shundan 5 142 nafarida endokrin kasalliklar erta aniqlanib, ularga kerakli tavsiyalar berildi. Bu esa ushbu bemorlarda kasallikning asoratlarining oldini olib, o‘z mehnat faoliyatlarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega. Noyabr oyi butun dunyoda “Diabetga qarshi kurashish oyligi” deb e’lon qilingan. Siz ham sog‘ligingizga e’tiborsiz bo‘lmang va albatta qoningizdagi qand miqdorini tekshirtiring.
Gulzoda Negmatova,
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali rahbari.