Qarishga qarshi 7 muhim qoida
Dunyo miqyosida kasalliklarni davolash va oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi oshgani va tibbiyot rivojlanishi natijasida insonlarning o‘rtacha umr ko‘rish yoshi ortyapti. O‘zbekistonda bu yosh ayollarda o‘rtacha 76, erkaklarda 74 yoshni tashkil etmokda.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida koreyalik professorlar hamda shahar va tuman endokrinologlari, endokrinologiya kafedrasida tahsil olayotgan talaba va magistrlar, klinik ordinatorlar va oliygoh o‘qituvchilari ishtirokida «Qarishga qarshi kurash» mavzusidagi ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali bosh shifokori Gulzoda Negmatova mamlakatimiz tibbiyotiga innovatsion usullarni kirib kelishiga keng yo‘l ochilayotganligi, tibbiyot universiteti va ko‘plab xorijiy tibbiyot muassasa hamda OTMlari bilan hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yilayotganligi, ushbu tadbirlar yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim ekanligi haqida gapirdi. Seminarda Seul Milliy Universiteti professori O.Bomdjo ham ma’ruza qildi.
- Aksariyat 60 yoshdan oshgan keksalar salomatligidagi muammolar tufayli muntazam dori-darmon qabul qiladi yoki surunkali kasalliklar tufayli nogironlik holatlari kuzatiladi, - dedi koreyalik olim. - Keksalik yoshida ham sog‘lom holda yashash va uzoq umr ko‘rish uchun 7 ta asosiy qoidaga rioya etish zarur. Bular - sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik (haftada 3 marta), sutkasiga 7-8 soat uxlash, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilmaslik, spirtli ichimlik ichmaslik, tana vaznini me’yorda saqlash, har kuni ertalab nonushta qilish.
Seminar so‘ngida qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Shuningdek, mehmonlar Samarqand davlat tibbiyot universiteti rahbariyati bilan uchrashib, hamkorlikning istiqbollarini muhokama qildi.
Shundan so‘ng Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida koreyalik shifokorlar tomonidan shifoxonada davolanayotgan bemorlar va 40 yoshdan oshgan sog‘lom aholi uchun interaktiv mashg‘ulotlar tashkil etildi. 110 nafar bemorga tibbiy ko‘rik natijasiga ko‘ra kerakli tavsiyalar berildi.