Qariyb 90 million so‘mlik uyali aloqa vositalarini o‘g‘irlagan ikki yosh yigit ushlandi
Joriy yilning 16 mayidan 17 mayga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar Toshkent shahri Olmaliq shahar, Amir Temur ko‘chasida joylashgan maishiy texnika do‘koni eshigi qulfini kalit tanlash yo‘li bilan ochib, g‘ayriqonuniy ravishda kirib, do‘konda mavjud bo‘lgan umumiy narxi 87.889.900 so‘mlik 43 dona uyali aloqa vositalarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.
Holat yuzasidan Olmaliq shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «v» bandi (ko‘p miqdordagi o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida ushbu jinoyatni 25 yoshli B.M. va 24 yoshli D.A.lar sodir etganliklari aniqlanib, D.A.dan talon-toroj qilingan uyali aloqa vositalarining 41 donasi ashyoviy dalil tariqasida olingan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, B.M. va D.A.lar jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.
Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etish 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan maxrum qilish jazosi bilan jazolanadi.