Qarzdor ota 1 million so‘m bilan qutulmoqchi edi. Lekin...
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor Navro‘z G‘afforovdan undiruvchi Zaynab Mamasodiqovaning foydasiga to‘rt nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun oylik ish haqi va boshqa daromadlarining ikkidan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan.
Qarzdor N.G‘afforovning mol-mulkini aniqlash maqsadida tegishli davlat idoralariga so‘rov xatlari yuborilgan bo‘lib, unga ko‘ra qarzdor nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklar aniqlanmagan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor N.G‘afforov bir necha marta ogohlantirishlarga qaramasdan, anchadan buyon to‘lamay kelayotganligi aniqlandi.
Uning alimentdan qarzdorligi hisob-kitob qilinganda bugungi kun holatiga 19 million 229 ming so‘m qarzdorligi mavjudligi ma’lum bo‘ldi.
Qarzdordan aliment qarzdorligini undirish imkoni bo‘lmaganligi sababli, unga nisbatan to‘plangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47(4)-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rishlik uchun Urgut tumani ma’muriy sudiga yuborildi.
Sudga 1 million so‘m pulni ko‘tarib kelib jazodan qutulib qolaman, degan qarzdor adashdi. Urgut tumani ma’muriy sudining qarori bilan qarzdor N.G‘afforovga nisbatan 15 sutka qamoq jazosi tayinlandi.
Majburiy ijro byurosi Urgut tumani bo‘limi.