Qarzdor ota 40 million so‘mga yaqin aliment to‘ladi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining qarori bilan fuqaro Bekzod Abdurahimovdan undiruvchi Liana Sogomonovaning bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Bu holat bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan. Lekin pandemiya sharoitida fuqaro B.Abdurahimov aliment to‘lovlarini to‘lamasdan kelayotgan edi.
U bilan suhbat va tushuntirish ishlari o‘tkazilib, bugungi sinov kunlarida farzandlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash har bir otaning burchi ekani yotig‘i bilan tushuntirildi. Natijada qarzdor ota shu kuni farzandi ta’minoti uchun 39 million 531 ming so‘m to‘lovni amalga oshirdi.
Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi.
Tahririyatdan: Tushuntirish va targ‘ibot ishlari davomida bungacha ham alment to‘lovlaridan qarzdor bo‘lgan bir nechta otaning farzandi ta’minoti uchun to‘lovlarni amalga oshirgani xabar qilingandi. Insof, ayniqsa, farzandi oldida burchini bajarish yaxshi amal.