Qashqadaryoda bir oiladan 7 kishi zaharlangandi. Ulardan biri vafot etdi, ikki kishi esa komada

Xabaringiz bor, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani, Langar MFY, Tutli qishlog‘ilik oilaning yetti nafar a’zosi uy sharoitida tayyorlangan pomidor konservasidan zaharlanib, viloyat markazidagi shifoxonalarga yotqizilgani haqida xabar bergan edik.

Ularning keyingi ahvoli haqida SSV ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, shu yilning 18 noyabr kuni soat taxminan 08.00 atrofida mazkur oila bekasi Yu.U. vafot etdi.

Ta’kidlanishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga keltirilgan oila boshlig‘i, uning turmush o‘rtog‘i va katta o‘g‘liga “Botulizm kasalligining og‘ir darajasi. O‘tkir toksemiya davri. Toksik neyropatiya. O‘tkir nafas yetishmovchiligining I darajasi” tashxisi qo‘yilgan edi. Ko‘rsatilayotgan malakali tibbiy xizmatga qaramasdan, ayni paytda ota va katta o‘g‘ilning ahvoli ham o‘ta og‘irligicha qolmoqda. Ular sun’iy nafas oldirish apparatida saqlanmoqda.

Shuningdek, ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, oilaning barcha a’zolari komada ekanligi haqidagi xabarlar esa asossiz. Shifokorlar bemorlar hayoti uchun kurashmoqda. Ayni paytda oilaning qolgan to‘rt nafar a’zosi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ularning ahvoli qoniqarli.