Qashqadaryoda tarvuz eksporti boshlandi

Bugun mamlakatimiz bo‘ylab qishloq xo‘jaligida ertachi mahsulot yetishtirish keng ommalashib bormoqda, deb yozmoqda Davlat bojxona qo‘mitasi.

Mehnatsevar dehqonlarimiz dalaga urug‘ qadash fursatini kutib o‘tirmasdan, issiqxonalarda urug‘ni muddatidan avvalroq ekib, har galgidan barvaqt hosil yig‘ishtirib olishga erishmoqdalar. Asosiysi, ushbu mahsulotlar ichki bozordan orttirilib, chetga eksportga chiqarilmoqda.

Chiroqchi tumanidagi "Gissar Effect" MChJda ham bu yil dehqonchilik yumushlariga erta kirishilgan edi. Joriy yil dekabr oyida bir gektar yer maydoniga maxsus tayyorlangan issiqxonada urug‘lar qadalib, may oyida birinchi hosilda 4 tonnadan ziyod tarvuz yig‘ishtirib olindi. Quvonarlisi, tarvuzlar  mashinalarga yuklanib, Qozog‘iston  mamlakatiga eksport qilindi. Kelgusida esa,  20 tonnagacha hosil olish mo‘ljallanmoqda.

Viloyatimiz eksport salohiyatini oshirish maqsadida bojxona postimiz tomonidan har kuni 24 soat davomida bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirib kelmoqdamiz, – deydi “Kitob” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boshlig‘i Botir Javliyev. – Bu esa, tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish bilan birga, viloyat eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.

Aytish joizki, mamlakatimiz bo‘ylab yetishtirilayotgan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mazasi bilan xorij mamlakatlari orasida mashhur. Viloyatimiz bo‘ylab eksport faoliyati bilan shug‘ullanayotgan korxonalar sonining ortib borayotganligi hamda aholini ish bilan bandligi ta’minlanayotganligi esa har jihatdan ahamiyatga molikdir