Qashqadaryoda YPX inspektori marhumga jarima yozdi. Holat viloyat IIB tomonidan o‘rganilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda YPX inspektori vafot etgan fuqaroga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, jarima belgilagani haqida xabar tarqaldi.

Qashqadaryo IIB mazkur holatga munosabat bildirdi.

Viloyat IIB axborot xizmatining yozishicha, marhumga joriy yilning 20 noyabr kuni ma’muriy bayonnoma tuzilgan.

Jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘layotgan kamchilik 3-YPX otryadi 2-safarbarlik guruhi inspektori, safdor Ravshanov Jahongir Mahmarayim o‘g‘li tomonidan yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, voqea Koson tumani hududida sodir bo‘lgan.

2019 yil 20 noyabr kuni soat 10:50 da Koson tumani Nasaf ko‘chasi Xalq banki ro‘parasida xizmat o‘tab turgan YPX inspektori Qarshi shahri tomonga harakatlanib ketayotgan “Damas” rusumli 70 D 107 NA davlat raqam belgili avtomashina haydovchisini to‘xtatib, 2019 yil 5 oktyabr kuni soat 16:27 da Koson tumani Shabada mahallasi Nasaf ko‘chasi ro‘parasida 85 kilometr tezlikda harakatlanib kelganligi «Iskra video-2» rusumli tezlikni o‘lchash moslamasi yordamida aniqlanganini aytgan va haydovchidan hujjatlarini so‘ragan.

Haydovchi YPX inspektorini chalg‘itib, boshqa hujjat taqdim etgan. Xodim haydovchi taqdim qilgan hujjatga asosan e’tiborsizlik qilib marhumga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.

Viloyat IIBning ma’lumot berishicha, ushbu holat bo‘yicha viloyat IIB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.