Qashqadaryoda yuz bergan mudhish YTHda bir kishi vafot etgan, 6 kishi jarohat olgan

Joriy yilning 2 noyabr kuni soat 11:50 da Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani hududidan o‘tgan “Qarshi katta xalqa yo‘li”ning “Yottitom-Qarshi” 4R-87 avtomobil yo‘li bilan kesishgan 53 km dagi tartibga solingan chorrahasida ikki avtomobil to‘qnashdi.

IIV Tergov departamentining ma’lum qilishicha, fuqaro M.R. boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashinasi bilan fuqaro S.X. boshqaruvida bo‘lgan Gaz-322132 rusumli yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan avtomashina to‘qnashib, yo‘l transport hodisasi sodir qilgan.

Sodir bo‘lgan hodisa oqibatida Gaz-322132 rusumli avtomashinada bo‘lgan 10 nafar (shundan 1 nafari haydovchi) va Lacetti rusumli avtomashinasi ichidagi 3 nafar (shundan 1 nafari haydovchi) fuqarolar turli darajada tan jarohati olib, RShTTYoIM Qashqadaryo filialiga olib kelingan. Ulardan faqat 6 nafari reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan, 5 nafariga esa uyiga ruxsat berilgan.

Gaz-322132 rusumli avtomashina haydovchisi S.X. ga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda va natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.