Qidiruvda bo‘lgan shaxs topildi va undan 74 million so‘m aliment to‘lovi undirildi

Majburiy ijro byurosining Payariq tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlaro sudining 2015 yil 14 apreldagi qarori bilan qarzdor K.D.dan undiruvchi G‘.M. foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.

Qarzdor yillar davomida alimentdan qarzini to‘lamagan. Oqibatda qarzdorligi 74 million so‘mdan oshgan. Shunday paytda K.D. to‘lov qilishdan ko‘ra boshqa yo‘lni tanlagan, ya’ni yashash joyini tark etgan. MIBga ijro hujjati kelib tushgach, boshqarmaning bu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi tomonidan unga nisbatan qidiruv harakatlari olib borilgan.

Aniqlanishicha, K.D. turli joylarda ishlab yurgan. Tezkor-qidiruv harakatlari natijasida qarzdor K.D. Samarqand shahrida yashirinib yurgan manzilda ushlanib, boshqarmaga olib kelindi. Profilaktik suhbat o‘tkazilgach, undan 74 mln. so‘m (6500 AQSh dollari) undirilib, undiruvchi G‘.M.ga topshirildi.

To‘rajon Jalilov,
Byuroning Samarqand viloyat boshqarmasi inspektori.