Qirg‘iziston 15 iyundan boshlab xalqaro parvozlar faoliyatini tiklashni rejalashtirmoqda

Qirg‘iziston koronavirus pandemiyasi tufayli vaqtinchalik to‘xtatilgan xalqaro parvozlar faoliyatini 15 iyun sanasidan boshlab tiklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 4 iyun kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida respublika Fuqarolik aviatsiyasi agentligi rahbari Kurmanbek Akishev ma’lum qildi.

“Xalqaro aviaparvozlar 15 iyun sanasidan boshlab qayta yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda”, deya ta’kidladi u.

Akishevning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda xalqaro reyslar jadvali ishlab chiqilmoqda.

-   Ayni vaqtda xarakatlar algoritmi ko‘rib chiqilmoqda. Har bir aviakompaniya sharoitga qarab, qachon va necha martda parvozlar amalga oshirilishi mumkinligini taklif etmoqda. Algoritmga ko‘ra, haftasiga 16-17, kuniga 2-3 ta reys amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda, - deb ma’lum qildi agentlik rahbari.

Taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, bugunga qadar mamlakatda 1899 nafar koronavirus holati qayd etilgan, ulardan 372 nafari tibbiy xodimlar. Jami 20 nafar bemor vafot etgan va 1292 nafar bemor sog‘aygan.