Qirg‘iziston chet el fuqarolari uchun mamlakat hududiga kirishni vaqtincha taqiqladi

Qirg‘iziston hukumati, tojsimon virus xavfi sababli, chet el fuqarolari uchun mamlakat hududiga kirishga vaqtinchalik taqiq joriy etmoqda. Bu haqda bugun o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakat Bosh vazir o‘rinbosari Altinay Omurbekova ma’lum qildi.

“Biz chet el fuqarolari kirishlariga vaqtinchalik taqiq joriy etamiz. Taqiq barcha mamlakatlar fuqarolariga taalluqli”, dedi Omurbekova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tojsimon virusga qarshi kurashish uchun ko‘pchilik davlatlar bu kabi ta’qiqlarni joriy etmoqda. Taqiq import-eksportga ta’sir qilmaydi.

“Ayni vaqtda Qirg‘iziston hududida bo‘lib turgan chet el fuqarolari, hech qanday muammosiz mamlakatdan chiqib ketishlari mumkin”, qo‘shimcha qildi Bosh vazir o‘rinbosari.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga qadar mamlakat hududida tojsimon virus holatlari qayd etilmagan. 500 nafardan ortiq fuqaro shifokorlar nazoratiga olingan.

Maktab va OTMda uch haftalik karantin e’lon qilingan.