Qirg‘iziston parlamenti saytiga xakerlar tomonidan hujum uyushtirildi

Qirg‘iziston parlamenti veb-sayti xakerlik hujumiga uchradi. Bu haqda RIA Novosti nashriga mamlakat parlamenti matbuot xizmati xabar berdi.

“Ayni vaqtda bizning mutaxassislar sayt ustidan qayta nazorat o‘rnatishga harakat qilmoqda. Fikrimcha, biz uni ma’lum muddat to‘laligicha o‘chirib qo‘yamiz va u faoliyat ko‘rsatmay turadi”, deb ta’kidladi matbuot xizmati vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sayt xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar 5 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan namoyishlar chog‘ida, namoyishchilar tomonidan parament binolari egallab olingan vaqtda serverlarga yetkazilgan zarar tufayli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.

“Qora qaroqchi” (“The Black Pirate”) xakerlar guruhi Qirg‘iziston qonunchilik assambleyasi matbuot xizmati pochtasidan parlament veb-saytiga hujum qilganliklari to‘g‘risida xabar qoldirdi. “Barchasi bizning qo‘limizda, biz kenesh.kg saytini egallab oldik, to‘lovini kutamiz”, deyilgan xabarda.