Qirg‘izistonda 6 nafar bog‘cha xodimida koronavirus aniqlandi

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida olti nafar bog‘cha xodimida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Bu haqda 9 iyun kuni mamlakatning COVID-19 ga qarshi kurash shtabi xabar berdi.

Shtab taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, ayni vaqtda mamlakatda koronavirus pandemiyasi tufayli yopilgan bog‘chalarning qayta ochilishiga tayyorganlik ketmoqda. Shu sababli barcha bog‘cha xodimlari koronavirus infeksiyasiga test tahlilidan o‘tkazilmoqda.

“Barcha bog‘cha xodimlari test tahlilidan o‘tkazilmoqda. Davlat epidemiologik nazorati markazlari barcha maktabgacha ta’lim muassasalarini ochishga tayyorlamoqda. Bog‘chalar barcha talablarga javob bera olganidan so‘ng ularning faoliyati tiklanishiga ruxsat beriladi”, deyilgan shtab bergan ma’lumotda.