Qirg‘izistonda «Kempir-Obod» suv omborining berilishiga qarshi miting bo‘lib o‘tdi
"Kecha Kurshab qishlog‘ida ommaviy miting bo‘lib o‘tdi. Mingga yaqin odam yig‘ildi. Hozir vaziyat barqaror", deya xabar berdi RIA Novostiga respublikaning O‘sh viloyati O‘zgan tumani ma’muriyati vakili.
Unga ko‘ra, namoyishchilar «Kempir-Obod» (Andijon) suv omborini O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqdi. Qaror mart oyida qirg‘iz va o‘zbek tomonlari o‘rtasida chegaralarni delimitatsiya (davlat chegarasining o‘tish tavsifini aniqlash va tuzilgan shartnomaga muvofiq xaritaga kiritish) va demarkatsiya (chegaralarni belgi bilan belgilash) qilish bo‘yicha muzokaralar paytida qabul qilindi.
"Xalq bu qarordan norozi bo‘ldi. Ular qirg‘iz qishloqlari suvsiz qolishidan qo‘rqishadi", deya izoh berdi ma’muriyat.
Yakshanba kuni chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha davlat komissiyasining rahbari, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Kamchibek Tashiyev namoyishchilar bilan uchrashdi. Tashiyev yig‘ilganlarni chegara masalasida chegaraoldi hududlari aholisi fikri inobatga olinishiga ishontirdi.
Tashiyev 26 mart kuni Qirg‘iziston va O‘zbekiston bahsli chegara uchastkalari bo‘yicha barcha masalalarni o‘zaro manfaatli asosda hal qilinganini aytdi. Unga ko‘ra, «Kempir-Obod» (Andijon) suv ombori maydoni kelishuvga erishilgan hududlar qatoriga kiradi. Qirg‘iziston fuqarolariga ombor suvidan bepul foydalanish imkoniyatini taqdim etish sharti bilan to‘g‘on va Shalixansay kanalining chap qirg‘og‘ini O‘zbekiston hududida qoldirishga qaror qilingan edi. Shuningdek, delegatlar bahsli bo‘lgan Bayastan, Savay, Unkar-Too, Beles, Gavasay hududlarini Qirg‘izistonga qoldirishga kelishib olishgan. Hammasi bo‘lib, maxsus xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, 8 ming gektardan ortiq bahsli yerlar Qirg‘izistonga tegishli bo‘lishi kerak.
O‘shandan beri Qirg‘izistonning chegara hududlarida chegara komissiyasining qaroridan bir qator kichik norozilik mitinglar bo‘lib o‘tdi: odamlar u yoki bu qismning O‘zbekistonga o‘tishiga qarshi. Mamlakat rasmiylari aholi bilan tushuntirish ishlarini olib bormoqda, respublikaning chegaralarni delimitatsiyalash pozitsiyasi tushuntirilmoqda.