Qirg‘izistonda yana favqulodda holat joriy etilishi mumkin

Qirg‘iziston COVID-19 infeksiyasiga qarshi kurashish Bosh shtabi mamlakatning bir qator tuman va shaharlarida takroriy favqulodda vaziyat holati joriy etilishi ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 25 iyun kuni mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Madamin Karatayev ma’lum qildi.

“Ayni vaqtda Chuy, Bishkek, O‘sh viloyatlari va O‘sh shahrida vaziyat judayam murakkab bo‘lib turibdi. Bugun respublika shtabi yig‘ilishida takroriy favqulodda vaziyat holati joriy etilishi masalasi ko‘rib chiqiladi va barcha omillar hisobga olinib qaror qabul qilinadi”, dedi vazir o‘rinbosari.

So‘nggi bir necha kundan buyon Qirg‘izistonda koronavirus infeksiyasi bilan yangi kasallanganlar soni rekord darajalarda oshmoqda. Jumladan, so‘nggi kecha-kunduzda mamlakat uchun navbatdagi rekord natija – 228 nafar yangi kasallanish holati qayd etildi. Shu tariqa kasallanganlarning umumiy soni 3954 nafarga yetdi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganidan buyon jami 43 nafar o‘lim holati qayd qilingan, 2112 nafar bemor tuzalgan.