Qirg‘izistondagi tug‘ruqxonalarning birida koronavirus xuruji aniqlandi
Qirg‘izistonning Onalik va bolalarni himoya qilish markazining klinik tug‘ruqxonasi faoliyati koronavirus xuruji tufayli vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda kecha, 12 may kuni RIA Novosti nashri xabar berdi.
“Klinik tug‘ruqxona 10 maydan 25 mayga qadar homilador ayollarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi”, deya ta’kidladi mamlakatning koronavirusga qarshi kurashish respublika shtabi vakili.
O‘tgan hafta so‘nggida markaz xodimlari va bemorlar orasida 8 nafar koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati aniqlandi. Shtab vakilining so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda karantinga olingan tug‘ruqxona ichidagi bemorlarga qarashni davom ettirayotgan xodimlar ro‘yxati tuzib chiqilgan. Barcha bemor va tibbiyot xodimlari test tahlilidan o‘tkazilgan.
Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, ayni vaqtda tug‘ruqxona ichida 64 nafar ayol va 47 nafar chaqaloq, jami 111 nafar bemor nazoratga olingan.
Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Nurbolot Usenbayevning ta’kidlashicha, 12 may holatiga mamlakat bo‘ylab jami 112 nafar yosh bolalarda va 14 nafar homilador ayolda koronavirus infeksiyasi aniqlangan.
Bugungi kungacha 14 nafar homilador ayolda va 112 nfar yosh bolada COVID-19 infeksiyasi aniqlandi, deya ta’kidladi vazir o‘rinbosari matbuot anjumanida.