Qirg‘izistonning sobiq prezidenti qamoqxona izolyatoridan kasalxonaga o‘tkazildi

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi qamoqxonasi izolyatoridan “ikki taraflama pnevmoniya” tashxisi bilan kasalxonaga o‘tkazildi. Bu haqda RIA Novosti nashriga davlat qo‘mitasi matbuot xizmati vakili ma’lum qildi.

Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, 29 iyun kuni Atambayev o‘zini yomon his qilayotganligidan shikoyat qilgan. Shu sababli undan koronavirus infeksiyasiga tahlil olingan. Tahlil natijasi sobiq prezidentda COVID-19 infeksiyasi yo‘qligini ko‘rsatgan.

“O‘sha kunning o‘zida shifokorlarning onlayn-maslahati tashkil etildi va “ikki tomonlama pnevmoniya” tashxisi qo‘yildi. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, Atambayev kasalxonada statsionar davolanishga o‘tkazildi”, deya ta’kidladi davlat qo‘mitasi matbuot xizmati vakili.