Qishda ko‘mirdan muammo bo‘lmaydi
Energetika vazirligi tashabbusi bilan “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati hamda «Ko‘mir ta’minot» MChJ hamkorlikda kuz-qish mavsumida Samarqanddagi ijtimoiy soha ob’yektlarini ko‘mir yoqilg‘isi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Respublika va viloyat jurnalistlari va blogerlar Samarqand ko‘mir ombori, Oqdaryo tumanidagi 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 28-maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda Payariq tumanidagi «Choshtepa» oilaviy shifokorlik punktlarida bo‘lib, mazkur muassasalarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ko‘mir yoqilg‘isini qay tarzda saqlanayotganligi, uning xavfsizligi, o‘t yoqish qozonlarini moslanganligi, isitish tizimlarini sozligini qay daraja ekanligi bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbirda 2021-2022 yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlariga ko‘ra, dastlab viloyatdagi ijtimoiy soha ob’yektlari, so‘ngra gazlashmagan hududlar aholisini bosqichma-bosqich ko‘mir mahsuloti bilan ta’minlab borish xususida ma’lumotlar berildi.
- Viloyat bo‘yicha joriy yil rejadagi 123,1 ming tonna ko‘mirning 85 ming tonnasi aholiga, 38 ming tonnasi ijtimoiy soha ob’yektlariga yetkazib berilishi rejalashtirilgan, - deydi «Ko‘mir ta’minot» MChJ direktori Sayfiddin Jumanov. - Angren ko‘mir konidan keltirilgan 38 ming tonna ko‘mir mahsuloti 15 kun ichida ta’minotchilar orqali temir yo‘l stansiyasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy soha ob’yektlariga peshma-pesh jo‘natildi. O‘z navbatida muassasalarda mavsum boshlangunicha saqlash uchun maxsus omborxonalari tashkil etildi. Shuningdek, xo‘jalik mudirlariga ko‘mirning sifati buzilmasligi uchun quyosh nuri tushmaydigan, usti yopiq joylarda, ustidan loy suvoq qilgan holda saqlash bo‘yicha tavsiyalar beryapmiz.
Hozirgacha viloyat xalq ta’limi muassasalariga 25 ming tonna, sog‘liqni saqlash muassasalariga 5 200 tonna, maktabgacha ta’lim tashkilotiga 5 400 tonna, shuningdek, madaniya va sport ob’yektlariga 3 ming tonnaga yaqin ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berildi. Viloyat, ayniqsa, chekka tumanlar aholisini yoqilg‘i bilan ta’minlash maqsadida «Ko‘mir ta’minot» MChJga qarashli 8 ta omborxona, jumladan Urgut va Qo‘shrabot tumanlarida 2 tadan shoxobcha mavsumga shay qilib qo‘yildi. Ko‘mir aholiga arzonlashtirilgan narxlarda, ya’ni 1 tonnasi 300 ming 300 so‘mdan yetkazib beriladi.
Press-tur ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan javob olishdi.
Dilmurod To‘xtayev.
***
Alisher Isroilov olgan suratlar.