Qiyin ahvolda qolgan 719 nafar o‘zbekistonlik Vatanga qaytarildi

Joriy yilning I yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Rossiya Federatsiyasining Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlarida bo‘lgan, hujjat va mablag‘larsiz qiyin ahvolda qolgan jami 719 nafar o‘zbekistonliklarni Vatanga qaytardi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, fuqarolarni ortga qaytarish bilan bog‘liq barcha xarajatlar vazirlik huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan qoplandi.

Qaytarilgan o‘zbekistonliklar bepul maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mas’ul mutaxassislari tomonidan ishga joylashish, kasbga o‘qitish va qayta o‘qitish masalalari bo‘yicha tashkillashtirilgan muloqotlarida ishtirok etdi.

Shuningdek, xorijda qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarimiz vaziyati hisobga olinib, ularga yashash joylariga yetib olishlari uchun EKOIHning 1 baravari miqdorida pul mablag‘lari berildi.