Qobul aeroporti qayta tiklanadi
“Bu Qobul xalqaro aeroportiga qo‘ngan yangi gumanitar reys - Birlashgan Arab Amirliklaridan kelgan uchinchi samolyotdir. BAA vakillari buning siyosatga hech qanday aloqasi yo‘qligini, ular ko‘proq oddiy afg‘on xalqining hayoti uchun qayg‘urishayotganini aytishmoqda. Shuningdek, ularning 600 kishilik guruhi aeroport infratuzilmasini tiklash va ishini davom ettirishi ustida ish olib borayotganini ma’lum qilishdi. Ammo bu ishlar uchun ma’lum vaqt kerak bo‘ladi,” dedi Euronews muxbiri Aneliz Borjes.
“Aeroportning ko‘plab uchastka va tizimlari jiddiy shikastlangan. Kecha men pudratchi bilan bog‘landim va u suv almashish tizimining barcha asosiy nasoslari shikastlanganini aytdi. Yer osti xonalarida katta miqdorda suv yig‘ilmoqda. Buni oldini olish kerak. Tabiiyki, buning uchun ko‘p vaqt talab qilinadi. Biz texnik yordam ko‘rsatamiz, bundan tashqari vakolatimizga kirmaydigan masalalarni hal qilishga ham o‘z hissamizni qo‘shamiz deb umid qilamiz”, deydi GAAC HOLDING mintaqaviy direktori Ibrohim Moarafiy.
Terminal binosida vayronalar tashqaridagidan kam emas. Kompyuter tarmog‘i va kompyuterlar buzilgan. Ammo aeroportni qayta tiklashga mas’ullar ish qizg‘in ketayotganini aytishdi.
“Xudoning yordami bilan hozir ishlar yaxshi ketmoqda. Garchi buni ko‘ngildagidek deb bo‘lmasada, biz butun dunyoga aeroportimizni yaxshi tomondan, qayta ochilganini ko‘rsatishdan mamnun bo‘lamiz”, deydi Qobul aeroporti bojxona xodimi Said Imron Shinvar.
Dunyo esa mamlakatda nima bo‘layotganini kuzatmoqda. Qo‘shma Shtatlar, Germaniya va Buyuk Britaniya chet elliklar va hayoti xavf ostida bo‘lgan afg‘onlarni evakuatsiya qilishni tiklash borasida “Tolibon” bilan muzokaralarni davom ettirmoqda. Ammo hozircha yo‘lovchi samolyotlar Qobuldan faqat ichki reyslar bo‘yicha va deyarli bo‘sh uchmoqda.
G.Xoldorova tayyorladi.