Qog‘ozda qolayotgan va’dalaru dasturdan “tushib qolayotgan” loyihalar...
Elektr chirog‘i - xonadonda hayotning, tiriklikning belgisi. Qolaversa, bugungi zamonda elektr energiyasiz turmushimizni tasavvur qilish qiyin. Ammo, Samarqand viloyatidagi ayrim tumanlar, mahalla va qishloqlarda odamlar ana shu qiyin sharoitga ham ko‘nikishga majbur bo‘lmoqda.
“Har 6 oyda odamlardan pul yig‘ib eski transformatorni ta’mirlaymiz...”
Oqdaryo tumani “Yangiravot-2” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘i aholisini qariyb 15 yildan buyon elektr ta’minoti tizimidagi muammolar, simlargagina osilib qolgan qo‘lbola simyog‘ochlar, eski transformator masalasi qiynab kelmoqda.
- Bu masalaga yechim izlab bizlar murojaat qilmagan tashkilot deyarli qolmadi, - deydi uy bekasi Hafiza Egamberdiyeva. – Ammo mas’ullar har gal va’da berishdan charchashmayapti.
Qishloq ko‘chasini kezarkanmiz, chirib ketganidan qiyshayib, qulash arafasiga kelib kelgan qator simyog‘ochlar, odam qo‘l uzatsa yetadigan darajada salqib ketgan simlarga osib qo‘yilgan yelim idishlaru tayoqchalarni ko‘rib ajablandik.
- Ajablanmang, kuchli shamol turgan paytlarda simlar bir-biriga tegib ketmasligi uchun mahalliy montyorning maslahatiga ko‘ra shunday qilishga majbur bo‘ldik, - deydi Mustafo Boyxo‘rozov. – Chunki, hadeb uzilib, qayta ulanaverish natijasida 9 qavatli alyumin simlar ayrim joylarda 5, 3 qavat bo‘lib qolgan. Ularning bir-biriga tegib ketishi natijasida yuzaga kelayotgan qisqa tutashuvlar esa eski transformatorni ham ishdan chiqargan. Har 6 oyda odamlardan pul yig‘ib uni ta’mirlaymiz.
“Bu muammoni birinchi marta eshitib turibman...”
Suhbatdoshimizni tinglab turib, beixtiyor daraxtlarning shoxlari tegib turgan simlarga ko‘zimiz tushdi va ba’zi mulohazalarga bordik. To‘g‘ri, yangi transformator va simyog‘ochlar o‘rnatish va eskirgan simlarni almashtirish soha mutasaddilarining bevosita vazifasi. Ammo, simlarga tegib qolgan shoxlarni qirqish shu yerdagi odamlarning ishi emasmi? Nahotki, bu yumushni ham ularga kimdir yuqoridan kelib bajarib bersa?
Bu muammoga yechim izlab “Oqdaryo tuman elektr tarmoqlari” korxonasi rahbari Shavkat Xo‘janov bilan bog‘landik.
- Bu borada hozirgacha hech kim bizga murojaat qilgani yo‘q va uni birinchi marta sizlardan eshitib turibman, - dedi u kishi. – Shunday bo‘lsa-da, ertagayoq mutaxassislarni shu qishloqqa jo‘natib, bu masalani yechishga harakat qilaman. Chunki iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish bo‘yicha bizda maxsus guruhlar faoliyat olib bormoqda.
“...Uni o‘rnatish uchun na sim, na simyog‘och va na mutaxassislardan darak bor...”
Payariq tumani “Tomoyrot” mahalla fuqarolar yig‘ini Cho‘michli qishlog‘i ahlini ham xuddi shu muammo qator yillardan beri qiynab kelyapti. Mutasaddilarga aholining qayta-qayta murojaatlaridan so‘ng 2019 yilning boshlarida bu yerga yangi transformator olib kelindi. Ammo mana 2 yildirki, uni o‘rnatish uchun na sim, na simyog‘och va na mutaxassislardan darak bor.
– Yangi transformator uchun odamlardan qariyb 3 million so‘mdan ortiq pul yig‘dik va sarfladik, ammo hozircha uni o‘rnatib beradigan birorta mard topilmayapti, - deydi qishloq faoli Zokir Rahmonov. - Bu muammo haqida mutasaddi tashkilotlarga qayta-qayta yozaverib, aytaverib charchadik. Soha mutasaddilari “Bugun, ertaga qilamiz” degan javobdan nariga o‘tishmayapti. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, eski transformatorimiz 100 xo‘jalikka ham elektr toki yetkazib berolmayapti. Hatto ayrim kunlari telefon quvvatlagichga ham tok kamlik qilib qolyapti.
- Endi nima qilishga ham hayronmiz. Xalq qabulxonasiga, 10-00 “Ishonch telefoni”ga ham murojaat qildik, - deydi Botir Rahmonov. - Ular ham javobini tuman elektr tarmoqlaridan olishimizni ma’lum qilishdi. Lekin ana shu javobdan hamon darak yo‘q. Ayting-chi, biz yana qayerga murojaat qilaylik? Nima qilsak, shu transformator aholi uchun xizmat qiladi? Yoki boriga shukur qilib yashayveraylikmi?
Xuddi shunday muammoga tumandagi “Ernazarqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi ham duch kelmoqda. Bu yerda qisqa tutashuvlar tufayli kuyib ketgan 30 dan ortiq simyog‘och bir necha yildan beri odamlarni tashvish va xavotirga solyapti.
- Bu muammolardan to‘liq xabarimiz bor, tumanning joriy yilgi hududiy dasturiga “Ernazarqo‘rg‘on” mahallasi va Cho‘michli qishlog‘i aholisini elektr ta’minotini yaxshilash masalasi ham kiritilgan, - deydi “Payariq tuman elektr tarmoqlari” korxonasi bosh muhandisi Abduqahhor Shakarov. – Kunlar isib, dastur ijrosiga kirishilishi bilan bu masalalar albatta o‘z yechimini topadi.
Shu yerda savol tug‘ildi: kunlar isib qolganiga qariyb uch hafta bo‘lyapti. Qiziq, soha mutasaddilari qachon dastur ijrosiga kirishar ekan?
“...Gazetaga yozganingiz bilan foydasi yo‘q, baribir hech narsa o‘zgarmaydi...”
Jomboy tumani “Naymantepa” mahallasi Turkman qishlog‘ida yashovchi 600 ga yaqin xonadon ham ayni kunlarda elektr ta’minotidagi muntazam uzilishlardan aziyat chekmoqda. Muammoning bosh sababi esa qishloq aholisiga xizmat qilib “charchagan”, o‘tgan asrning 70-yillarida ishlab chiqilgan va ta’mirlanaverib, yaroqsiz holga kelib qolgan transformatorda.
– Gapning ochig‘i, bu haqda mas’ullarga aytishdan armon qolmadi, - deydi mehnat faxriysi Erkin hoji Omonov. - Bundan uch yilcha oldin ham transformator portlab ketganida mas’ullar kelib “Yaqin kunlarda qishlog‘ingizga yangi transformator o‘rnatib beramiz, unga supacha tayyorlab qo‘yinglar” deb ketishgan edi. O‘sha kunlardayoq hashar bilan supachani tayyorlab qo‘ydik. Mana, 3 yildirki, supacha hamon bo‘sh, transformatorni kutib yotibdi.
Shu o‘rinda bir mulohaza. Turkman qishlog‘idagi yaroqsiz transformator masalasi qariyb 15 yildan buyon kun tartibidan tushmay keladi. Har gal mas’ullar “Joriy yilgi dasturga kiritildi, yil oxirigacha albatta hal bo‘ladi” deb va’da beradi. Ammo yil oxirida go‘yo “mablag‘ yetishmaganligi” yoki ta’minotchi korxonalarning aybi bilan bu masala yana kelgusi yilga qoldiriladi. Odamlar bunday va’dalarga ko‘nikib ham ketishgan.
– Gazetaga yozganingiz bilan baribir foydasi yo‘q, hech narsa o‘zgarmaydi, - deydi hafsalasi pir bo‘lgan E.Omonov. – Mas’ullar yana bir va’da bilan qutulib qolishadi.
Nahotki, shunday bo‘lsa? Nahotki, bu boradagi va’dabozlik tugamasa? Qolaversa, Prezidentimizning 2016 yil 23 noyabrdagi “2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizatsiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra bu boradagi yumushlar 2021 yilda nihoyasiga yetkazilishi kerak emasmi?!
Shu va boshqa savollarga javob izlab “Jomboy tuman elektr tarmoqlari” korxonasi boshlig‘i Sherzod Hotamovga bir necha bor sim qoqdik. Ammo u kishining telefoni “doiradan tashqarida” ekan.
Xullas, Jomboydagi Turkman qishlog‘i aholisi yangi transformator uchun qurib qo‘ygan supacha yana qancha vaqt bo‘sh turishini, Payariq tumanidagi “Ernazarqo‘rg‘on” mahallasi, Cho‘michli hamda Oqdaryo tumanidagi Qo‘shqo‘rg‘on qishloqlaridagi muammolar qachon barham topishini hozircha hech kim aniq bilmaydi. Balki bu masalaga tegishli idoralardagi mas’ullar oydinlik kiritishar?
Yormamat Rustamov.