Qonunga bo‘ysunmagan o‘qituvchi yana sudning qora kursisiga o‘tirdi
Har qanday davlatning obro‘-e’tibori va nufuzi shu mamlakatning inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari qay darajada ta’minlangani bilan baholanadi. Ammo shunday insonlar borki, berilgan imkoniyatlardan to‘la, oqilona foydalanmasdan, qonunga amal qilmaydi.
Navoiy viloyati IIB probatsiya bo‘limi boshlig‘i jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tumani sudiga taqdimnoma bilan murojaat qilgan. Unda ta’kidlanishicha, mahkum D.A.ga jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tumani sudining 2018 yil 18 noyabrdagi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JK 168-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan aybli deb topilib, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Sudning hukmi 2018 yil 3 dekabrda Konimex tumani IIO probatsiya guruhiga kelib tushganligi va ro‘yxatga olinganligi, mahkum D.A. tuman IIBga taklif qilinib, unga jazoni o‘tash tartib qoidalari, nazorat talablari va u tomonidan kelgusida jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etmasligi tushuntirilib, tilxat, tushuntirish xatlari olingan, u bilan profilaktik suhbat olib borilgan.
Mahkum D.A. Konimex tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ishlab, jazo muddatini o‘tay boshlagan. 2019 yil 4 sentyabrda o‘zining arizasiga asosan ushbu maktabdan ishdan ozod qilingan va shundan keyin mahkum D.A.ni ishga joylashtirish bo‘yicha tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga 3-4 marotaba yo‘llanma berilgan. Lekin mahkum D.A. ishga joylashmasdan, sud tomonidan belgilangan jazo muddatini o‘tamasdan kelganligi, undan ishga kirish va jazoni o‘tash bo‘yicha tushuntirish xatlari va tilxatlar olinganligi, unga yo‘llanma berilishiga qaramasdan, jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlab, ishga joylashmaganligi sababli mahkum D.A.ga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tumani sudining 2018 yil 18 noyabrdagi hukmiga asosan tayinlanib, 2020 yil 16 yanvardagi ajrimiga muvofiq 1 yil 4 oy 29 kun ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan, jazoning o‘talmay qolgan 1 yil 14 kun ozodlikni cheklash jazosi xuddi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.
Muxtasar aytganda, D.A. o‘ziga nisbatan chiqarilgan cheklovlarga amal qilmasdan, muntazam ravishda belgilangan qonun-qoidalarni mensimasdan, qo‘pol ravishda buzib kelganligi sababli yana bir bor sudning qora kursisiga o‘tirdi.
F.QAHHOROV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tumani sud raisi.