Qo‘qon shahrida tarixiy shaxslar haqida uchta film ishlanmoqda
Ayni kunlarda “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan Qo‘qonda tarixiy mavzuda bir yo‘la uchta badiiy film suratga olinmoqda. Bu haqda “O‘zbekkino” Milliy agentligi xabar bermoqda.
“Dilshoh media” kinostudiyasi rahbari, prodyusser Mahmud Erkaboyev va rejissyor Dilmurod Masaidov tomonidan suratga olinayotgan “Qo‘qon shamoli” nomli tarixiy filmning ssenariysi 2018 yilning iyul oyida “O‘zbekkino” Badiiy kengashidan o‘tgan. Dastlabki tayyorgarlik ishlari bir necha oy davom etdi. Filmda Qo‘qon xonligining XVIII asr oxiri — XIX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy hamda adabiy muhiti, o‘sha davr chigalliklari, Alisher Navoiy yaratgan Hirot adabiy muhitidan keyingi hodisa sifatida e’tirof topgan Qo‘qon adabiy muhiti va uning asoschisi — Amiriy taxallusi bilan ijod qilgan Amir Umarxon (1787-1822) hamda uning shoira ayoli — Nodira taxallusi bilan ijod qilgan Mohlaroyim (1792-1842)ning hayoti va faoliyati yoritiladi.
Shuni ta’kidlash lozimki, filmdagi Nodirabegim roli uchun ellikdan ortiq, Amir Umarxon roli uchun o‘ttizdan ortiq, Amir Olimxon roli uchun esa o‘ttizga yaqin aktyor va aktrisalar sinovdan o‘tdi. Uzoq davom etgan foto hamda video sinovlardan so‘ng Nodirabegim roliga yosh aktrisa Rayhon Asatova, Amir Umarxon roliga aktyor Ilhom Berdiyev, Olimxon roliga esa aktyor Bobur Yo‘ldoshev tasdiqlandi.
Filmning ssenariysi Qo‘qon davlat pedagogika institutining filologiya fakulteti kafedra mudiri Zeboxon Qobilova qalamiga mansub. Filmda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar Shohida Ismoilova, Gulbahor Yo‘ldosheva, Hoshim Arslonov, Furqat Baydiyev hamda O‘zbekiston xalq artisti Muhammad Rafiqov va boshqa aktyorlar ishtirok etmoqda.
Yana bir tarixiy film noyob iste’dod egasi, ko‘plab Sharq va g‘arb tillarining bilimdoni, o‘lkamizdagi ilk matbaachilardan biri sifatida Vatan taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan Ishoqxon Ibrat haqida. Milliy uyg‘onish davrining yetuk namoyandalaridan biri, Vatan va xalq istiqloli uchun jonini fido qilgan ulug‘ bobomiz Ishoqxon Ibrat shoir, tarjimon, tarixchi va tilshunos olim, shariat va din peshvosi, 20 yildan ortiq xalq qozisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan jamoat arbobi bo‘lgan.
Taniqli rejissyor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Jahongir Qosimov tomonidan suratga olinayotgan “Ishoqxon Ibrat” badiiy filmida shu buyuk zotning mashaqqatli va voqealarga boy faoliyati haqida hikoya qilinadi. Rejissyorlar Jahongir Qosimov, Ahmadjon O‘narboyev, postanovkachi operator Rustam Murodov filmni suratga olish ishlarini Qo‘qonda olib borishmoqda. Asosiy rollarni Farhod Mahmudov, Iroda Qosimova, Matyoqub Matchonov, Mixail Kaminskiy, Jo‘rabek Orziyev, Seydulla Moldaxanov, Italo Spinelli, Abduraim Abduvahobov, Tohir Saidov, Furqat Fayziyev, Bahrom Matchonov, Akbarxo‘ja Rasulov, Shahzoda Matchonova kabi ko‘plab taniqli aktyor va aktrisalar ijro etmoqda.
“Muhabbat bahori” badiiy filmida ikki ulug‘ ijodkor – Zulfiya va Hamid Olimjonning sof muhabbati, hayot yo‘llari, ijodi, ayriliq, vafo, sadoqat tuyg‘ulari ifoda etiladi.
Film ssenariysi mualliflari — Zulfiya Qurolboy qizi va Mikoyil Sulaymonov. Ayni kunlarda postanovkachi rejissyor Ibrohim Rasulov, operatorlar Ravshan Asqarov, Temur Abdullayev tomonidan filmni suratga olish ishlari olib borilmoqda. Film voqealari Qo‘qon, Jizzax, Toshkent viloyati va Qrimda bo‘lib o‘tadi. Kartinada shoir Hamid Olimjon rolini Hamza Hasanov, shoira Zulfiya rolini Shahnoza Hojimurodova va Sofiya Tursunboyeva (yoshligi) ijro etishmoqda. “Muhabbat bahori” badiiy filmida Mehriddin Rahmatov, Abduraim Abduvahobov, Shafoat Rahmatullayeva, Otabek Haqberdiyev, Farg‘ona va Qo‘qon teatri aktyorlarini turli rollarda ko‘rishimiz mumkin. Ushbu kartinani kuz oylarida yakuniga yetkazish rejalashtirilgan.